Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi germaniyalik xalqaro darajadagi ekspert Bastian Bauman bilan shartnoma imzoladi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Imzolangan shartnomaga ko‘ra vazirlik Bastian Bauman bilan 2019−2022 yillar mobaynida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, ta’lim sifatining ichki va tashqi nazoratini takomillashtirish va bu orqali oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytingdagi o‘rnini ko‘tarish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Bundan tashqari germaniyalik mutaxassis Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar samaradorligini oshirishda ham tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Jumladan, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oliy ta’lim jarayonlarining boshqaruvi axborot tizimini yaratish, oliy ta’lim muassasalarini xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga ulash, ilmiy-tadqiqot faoliyatni yanada rivojlantirish kabi vazifalarni amalga oshirish xalqaro tajribalar qo‘llaniladi.
Bastian Bauman rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ta’lim sifatini ta’minlash borasida xalqaro tajribaga ega mutaxassis hisoblanib, uzoq yillar mobaynida Yevropa sifat kafolati agentligi, DAAD (Germaniya akademik almashinuv xizmati), ADEC (Abu-Dabi milliy sifatni kafolati agentligi), SKVC (Litva milliy sifat kafolati agentligi) va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatgan.
Misr, Belorus va boshqa rivojlangan xorijiy davlatlarda oliy ta’lim sifatini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilgan.