2019 yilning 25−27 yanvar kunlari Nanking politexnika institutining (Nanjing Polytechnic Institute) delegatsiyasi, vitse-prezident Chjan Syaojun boshchiligida Toshkent shahriga tashrif buyurdi, deb yozadi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, Toshkent shahrida Nanking politexnika institutining filialini ochish imkoniyatlari batafsil ko‘rib chiqildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish Respublika markazi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bunda Nanking politexnika instituti bilan qo‘shma dastur, qo‘shma fakultet hamda to‘laqonli filial tashkil etish bo‘yicha ishlarni boshlash yuzasidan kelishib olindi.

Ta’kidlanishicha, Nanking politexnika instituti O‘zbekistondagi filialida darslarni ingliz va xitoy tilida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda o‘qiydigan talabalarni Nanking politexnika institutiga o‘qishga yuborish, 2+2, 1+3, 3+1 formatida talabalar o‘qishini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalarini Nanking politexnika institutida menejment, raqamli biznes, elektron tijorat yo‘nalishlarida o‘qitishga qiziqish bildirdi.

Nanking politexnika instituti Jiangsu viloyat hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning top 83 oliy o‘quv yurtidir. Institut kampus bilan 740 akr maydonni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtida 10 mingdan ziyod talaba 40 dan ziyod mutaxassislik bo‘yicha taxsil oladi. Institut qoshida 12 ta kollej mavjud. Institut dunyodagi 17 ta mamlakat va 40 dan ortiq kollejlar va ta’lim muassasalari bilan xamkorlik qiladi. Institutda 500 nafar xorijiy talabalar tahsil olib kelmoqda, shundan 33 nafarini o‘zbek yigit-qizlari tashkil qiladi. O‘zbekistonlik talabalar o‘zining dunyoqarashi, bilimi, tirishqoqligi bilan ajralib turadi. Institut shuningdek, xorijlik talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Xalqaro talabalar stipendiyasi” ni tashkil qilgan.