“Tashkent City” ishbilarmonlik markazi hududidagi har bir sotix yer 20 ming AQSH $ miqdorida sotilgan, deb yozadi “Xalq so‘zi”.

Xabarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev maxsus tashkil etilgan matbuot anjumani vaqtida ma’lum qilgan:

“„Tashkent City“ loyihasiga investitsiya kiritish uchun hammaga bir xil taklif berilgan. Ya’ni hududning 1 sotix yeri 20 ming AQSH dollaridan, 1 gektar yer 2 million $ ga sotilgan. Bu hamma uchun bir xil edi”, — deya aytib o‘tgan Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Ta’kidlanishicha, hududning sotilishidan tushgan pulning bir qismi eski O‘qchi va Olmazor mahallalarida yashagan fuqarolarning uy bilan ta’minlanishi uchun sarflangani, shuningdek, mablag‘ning yana bir qismi qurilish ishlarini olib borayotgan ishchilar istiqomat qilishi uchun sharoit, kommunikatsiya tarmoqlarini qurishga sarflangan.

Aniq summalar, qancha pul tushgani, ularning qaysi ishga qancha miqdorda yo‘naltirilgani borasidagi shaffof ma’lumotlar haqidagi savoliga “Tashkent City” direksiyasi mas’ul xodimlari aniq javob bera olishmagan.