Prezident “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq, “O‘zbekenergo” AJ ma’muriy binosi joylashgan yer uchastkasida xorijiy investorlarni jalb qilgan holda, zamonaviy mehmonxona kompleksi quriladi.

Shuningdek, 2019 yil 1 martga qadar Jahon bankining texnik ko‘magida elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish (restrukturizatsiya) modellari ishlab chiqiladi.

Qaror bilan “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ restrukturizatsiya qilinadi.

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi

Prezident farmoni bilan tashkil etilgan Energetika vazirligi huzurida byudjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Jamg‘armani shakllantirish manbalari etib belgilandi:

  • “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolardan energetika sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda undiriladigan jarimalar summasi to‘liq hajmda;
  • Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklarning depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning 2019−2023 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi

2019 yil 1 mayga qadar O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning 2019−2023 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi. Konsepsiya loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratiladi:

  • O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks yondashuv va strategik vazifalar;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish;
  • zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlaydigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob’ektlari hamda tegishli infratuzilmani barpo etish;
  • O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi yetakchi xorijiy kompaniyalarda ularning stajirovkasini tashkil qilish.