Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.
Qarorga muvofiq, Xitoyning “Huaxin Cement'' Co LTD kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 150,0 mln $ lik sement zavodi quriladi.
Zavod bir yilda 1,2 mln tonna portlandsement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’ladi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Huaxin Cement” So LTD kompaniyasi tomonidan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Huaxin Cement Jizzakh” xorijiy korxona tashkil etilgan.
Jizzax viloyati hokimligi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda sement zavodi qurilishi uchun Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hududida 81 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer uchastkasi ajratilishini ta’minlaydi.
“Huaxin Cement Jizzakh” MCHJ XK investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqarish boshlangandan keyin 2021 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda yuridik shaxslardan olinadigan fond solig‘ini, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etildi.
Shuningdek, kompaniya 2020 yil 1 oktyabrgacha quyidagilardan ozod qilindi:
- “Huaxin Cement Jizzakh” MCHJ XK va uning subpudrat tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, xomashyo va materiallar, mashina va mexanizmlar, maxsus transport vositalari, ehtiyot qismlar va butlovchi uzellar, priborlar va instrumentlar, texnik va loyiha hujjatlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);
- O‘zbekiston norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) bo‘yicha QQS to‘lashdan;
- ko‘rsatiladigan xizmatlar, chetdan olib kelinadigan tovarlar, materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, transport vositalari priborlari, ehtiyot qismlar, instrumentlar, yoqilg‘i-moylash materiallari O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlarida litsenziyalanishi va sertifikatlanishida yig‘imlar, davlat bojlari va to‘lovlar to‘lashdan;
- respublikada tegishli akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan taqdirda import qilinadigan materiallar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, priborlar, ehtiyot qismlar, instrumentlar — majburiy sertifikatlash tartibotidan.