Yanvar oyi boshida Spot 2019 yil O’zbekiston banklaridagi avtokreditlar bo’yicha holat haqida xabar bergan edi. 2018 yilning oktyabrida o’tkazilgan avvalgi tekshiruv bilan taqqoslaganda, avtomobil kreditlari beradigan banklarning soni sezilarli darajada kamayganligi aniqlandi.

6 fevral kuni bo’lib o’tgan Xalqaro press-klubning navbatdagi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qilishicha, regulyator yangi avtomobillarni sotib olish uchun kredit berishda banklarni cheklamagan, biroq bunday banklarning ustav kapitaliga qo’shimcha talablar joriy qildi, chunki bu kabi kreditlarni yuqori xatarli deb hisoblaydi:

“Avtokredit berishga to’g’ridan-to'g'ri ta’qiq yo’q. Biz avtokreditlar bo’yicha xatar darajasini oshirdik, shuning uchun banklarga talablarni kuchaytirdik. Biz bu masalaga makroiqtisodiyot nuqtai nazaridan yondashishimiz kerak. Yangi avtomobillarni xarid qilish uchun kreditlash rivojlanayotgan paytda biz ikkilamchi bozorni o’ldiramiz. Avtokreditlarni ommaviy ravishda berish va birlamchi bozorni rivojlantirish oqibatida biz ma’lum darajada, ikkilamchi bozorda past narxlar uchun shart-sharoitlar yaratamiz. Shunday qilib, bir yarim yil ichida avtomobil ancha arzonlashadi va kreditni qoplamaydi”, — deya izoh beradi Mamarizo Nurmuratov.

Shuningdek, u bozor hech qaysi tomonga zarar yetkazmasdan rivojlanishi kerakligini qayd etdi. Markaziy bank shuning uchun ushbu kredit bo’yicha xavfni baholashni kuchaytirish orqali tijorat banklaridan avtomobil uchun kredit ajratishda ma’lum bir zaxira normasini yaratishni talab qila boshladi.