2019 yil 5 fevral kuni “O‘zbekiston avtomobil sanoati: kechagi kun va kelajak istiqbollari” mavzusida bo’lib o’tgan matbuot anjumanida Jizzaxdagi “Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” zavodi qurilishining to‘xtab qolishi sabablari ma’lum qilindi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi.
“Ikki tomon muzokaralar olib borganda odatda shartnoma shartlarining sir saqlanishini, ommaga ma’lum qilmaslikni kelishib olishadi. Shu boisdan ham biz bu holatning iqtisodiy tomonlari haqida ma’lumot bera olmaymiz”, — dedi “O‘zavtosanoat” AJ raisi o‘rinbosari Aziz Shukurov.
Aziz Shukurovning so’zlariga ko’ra, Jizzaxdagi bino deyarli bitib bo‘lgan. Ammo zavod devorlar va tomdangina iborat bo‘lmaydi:
“Buning uchun texnologiya kerak. Ayni vaqtda „Peugeot Citroen“ kompaniyasi bilan muzokaralar davom etmoqda”, deydi “O‘zavtosanoat” AJ raisi o‘rinbosari.
Prezidentning O‘zbekistonning 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida 2019 yil amalga oshiriladigan loyihalar ro’yxatida Jizzax avtomobil zavodi keltirilmagan.
Zavodning qurilishi 2017 yilning iyul oyida boshlangan bo’lib, loyihaning umumiy qiymati 133 million yevroga baholangan edi. Avtomobillarning rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmi yiliga (mahalliylashtirish darajasi kamida 50%) 16 mingtani tashkil etadi.