Prezident Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekistonning reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) va 2022 yilga kelib respublikaning 20-o‘ringa erishishini nazarda tutuvchi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilashning “Biznes yuritishni yaxshilash — 2022” maqsadli ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda — Maqsadli ko‘rsatkichlar) tasdiqlandi.
2019 yil 1 martdan boshlab:
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida
O‘zbekiston rezidentlari hisoblangan yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida bank hisobraqamlarini masofadan turib ochishi mumkin.
Qurilish uchun ruxsatnomalar olish sohasida
- yer uchastkasida qurilishi taqiqlangan yoki ruxsat etilgan ob’ektlar turlarining to‘liq ro‘yxatini majburiy tarzda ko‘rsatib, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga auksion orqali qo‘yilganda, yer uchastkalaridan maqsadli foydalanish tartibi bekor qilinadi;
- qurilish organlariga arxitektura-shaharsozlik kengashlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalari ushbu kengashlarda faqat tarixiy hududlar, shu jumladan, madaniy meros yodgorliklarini qo‘riqlash hududlari, shuningdek, davlat ob’ektlarining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish funksiyalarini saqlab qolgan holda o‘tkaziladi;
- qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi ko‘chmas mulk ob’ektiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma ko‘chirmasi bilan bir vaqtda beriladi;
Elektr ta’minoti tizimiga ulanish sohasida
Iste’molchilarni elektr ta’minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida berilishi mumkin;
- jismoniy va yuridik shaxslar ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha bitim va ko‘chmas mulkka egalik huquqini olish bilan bog‘liq bo‘lgan guvohnomalarni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilganda, notarial idoralar majburiy tartibda ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani va tegishli hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali bepul asosda yuboradi;
- ko‘chmas mulk obektining kadastr yig‘majildi va kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun elektron shaklda murojaat qilish va tayyorlash mexanizmini joriy etish orqali qog‘oz shaklida murojaat qilish va kadastr yig‘majildini berish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.
Minoritar aksiyadorlarni himoya qilish sohasida
- aksiyadorlarga yirik bitim va affillangan shaxslar bilan qiymati jamiyat sof aktivlari miqdorining 10 va undan ortiq foizini tashkil qiluvchi bitim tuzish natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun kuzatuv kengashining manfaatdor a’zosini sud tartibida javobgarlikka tortish huquqi beriladi;
- mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat faoliyati yuzasidan qaysidir masalada kelishuvga erishilmaganligi sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovoz bo‘lmaganda, vujudga kelgan ziddiyatli vaziyat sud tartibida hal qilinadi;
- aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlarni Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali to‘lash mexanizmi joriy etiladi.
Xalqaro savdo sohasida
Tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni berish O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan bir qatorda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining ariza-deklaratsiyasi asosida, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda Savdo-sanoat palatasi tomonidan ham amalga oshiriladi.
Kontraktlar ijrosini ta’minlash sohasida
Iqtisodiy sudda nizolarni hal qilish usuli sifatida sudgacha majlis o‘tkazish imkonini beruvchi tartib, hamda jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, ma’muriy va iqtisodiy sudlarda fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan barcha to‘lovlarni, shu jumladan, davlat bojini hisobga olish va to‘lashning yagona elektron tizimi joriy etiladi.