Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Prezident Administratsiyasi huzuridagi tibbiyot bosh boshqarmasi hamda Elsevier kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.
Xabarga ko’ra, Mazkur hujjat doirasida 100 nafar o‘zbekistonlik shifokor mutaxassislarga Elsevier kompaniyasining Clinicalkey platformasidan 6 oy bepul foydalanish uchun imkoniyat yaratildi, akkauntlar ochildi.
ClinicalKey nima o’zi va u qanday vazifalarni yechishda yordam beradi?
ClinicalKey — bu klinik qaror qabul qilishga yordam beruvchi tizimdir. U har qanday paytda va har qanaqa qurilmadan bir zumda kerakli klinik ma’lumotlarni topish va eng qisqa vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.
Ta’kidlanishicha, Elsevier kompaniyasining ClinicalKey platformasi O‘zbekistonning tibbiyot sohasidagi quyidagi vazifalarini yechishda yordam beradi:
- mamlakatimizdagi tibbiyot hodimlarini dalillarga asoslangan tibbiyotning eng zamonaviy ma’lumotlari bilan ta’minlash;
- Sog‘liqni saqlash tizimida o‘zgaruvchanlikni pasaytirish orqali tibbiy xatoliklarni kamaytirish, bir tashxis bilan qayta-qayta shifoxonaga murojaatni kamayish hamda keraksiz tekshiruv va muolajalar sonini qisqartirish.
ClinicalKey platformasining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- 600 dan ortiq tibbiy jurnallar bazasi;
- MEDLINE tizimining to‘liq indeksatsiya qilinganligi;
- TopicPagesning 1400 bo‘limlari;
- 1.100+ tibbiy kitoblar;
- 22.000+ videolar;
- 2.500.000 tasvirlar;
- Turli xil klinik tadqiqotlar;
- 4.500+ klinik protokollar;
- 350+ muolajalar;
- Lancet jurnalining barcha sonlari;
- Foydalanuvchi interfeysining turli tillarda mavjudligi;
- iPhone va Android uchun bepul ilova;
- Kitoblar boblari va maqolalarini offlayn o‘qish uchun yuklab olish imkoniyati;
- Power Point prezentatsiyalarini avtomatik yaratish;
- Ma’lumotlar bazasining har 24 soatda yangilanib turishi.
Elsevier kompaniyasi ko‘p yillik tajribaga ega yirik kompaniya bo‘lib, Yevropa, Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerikaning ko‘plab mamlakatlari hukumati bilan hamkorlik olib boradi hamda bu kompaniyaning ClinicalKey platformasi sog‘liqni saqlash milliy tizimini takomillashtirishga yordam beradi. Ushbu kompaniyaning tibbiyot sohasidagi kitoblari, ilmiy maqolalari, klinik protokollari, multimedia mahsulotlari dunyoning ko‘plab mamlakatlari tibbiyot sohasining milliy standarti sifatida e’tirof etiladi.