Prezident farmoniga binoan maishiy iste’molchilar sirasiga kirmaydigan iste’molchilar energiya tashuvchilar uchun “50/50” tizimi bo‘yicha — yarmini oldindan, yarmini oy oxirigacha to‘lash huquqiga ega bo‘ldilar. Bu haqda Norma xabar berdi.

2017 yilning 1 iyulidan boshlab maishiy iste’molchilar har oyning 10-sanasiga qadar haqiqatda iste’mol qilingan gaz va elektr energiyasi hajmlari uchun, qolgan abonentlar esa oldindan to‘liq haq to‘lash asosida hisob-kitob qilishlari shart. Majburiyatlar muddatida bajarilmagan hollarda elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yishlari mumkin.

Endi xo‘jalik yurituvchi subyektlar oldindan to‘lovni to‘liq yoki qisman to‘lashlari mumkin. “50/50” tizimiga o‘tish uchun elektr ta’minoti tashkilotini bu haqda ogohlantirishning o‘zi kifoya.

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari va Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga hali o‘zgartirishlar kiritilmadi. Shu sababli ushbu sharh e’lon qilingan paytda murojaatnoma-ogohlantirish qanday shaklda va qancha muddatda taqdim etilishi ma’lum emas. Qonunchilikka aniqlashtirishlar kiritilishini kutish lozim.