Prezident raisligida 6 fevral kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda eksport hajmlarini oshirish borasidagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev eksportbop mahsulotlar tarkibini diversifikatsiya qilish, eksportda xomashyo bo‘lmagan mahsulotlar ulushini kamida 60% ga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining 2019−2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy eksport strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

“Mazkur strategiya eksportyorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, „Doing Business“ reytingida „tashqi savdo“ ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori 50 ta mamlakat qatoriga kiritish masalalarini qamrab oladi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, xorij tajbirasidan kelib chiqib, eksport qiluvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston eksportyorlar assambleyasi tashkil etiladi.

Videoselektorda eksportni ko‘paytirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etib, bu boradagi ishlarni jonlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘tgan yili hududiy eksport prognozi bajarilmagani, ayniqsa, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani qayd etildi. Hududiy meva-sabzavot eksporti prognozdan ancha kam bo‘lgani, bironta ham hududda bu boradagi reja bajarilmagani tanqid qilindi.

Xorijiy ekspertlar joriy yilda ham asosiy xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari past bo‘lishini prognoz qilishmoqda. Shu bois mamlakatimizda 2019 yilgi eksport prognozi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p etib belgilandi.

Davlat rahbari eksport prognozini ta’minlashni aniq hisob-kitob asosida tashkil etish, bu borada yangi tizim yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Unga muvofiq, avvalo, Respublika eksport shtabi faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Ushbu shtabdan vakillar Qoraqalpog‘iston va viloyatlarga biriktiriladi.

Respublika eksport shtabi, Bosh vazir o‘rinbosari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarmoqlar va hududlar bo‘yicha o‘n kunlik eksport jadvallarini ishlab chiqib, tuzilgan eksport shartnomalarini so‘zsiz bajarish hamda qo‘shimcha kelishuvlar imzolash choralarini ko‘radi.

Hududdagi shtablar eksportyorlar bilan doimiy ravishda ishlab, muammolarini tezda hal qilib borishlari shart, deyildi yig‘ilishda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijalari “onlayn” ma’lumotlar bazasiga kiritilib, nazorat qilib boriladi.

“Har bir vazir, har bir xo‘jalik birlashmasi rahbari o‘z yo‘nalishidagi korxonalar bo‘yicha, ular tarmoq yoki hududiy korxona bo‘lishidan qat’i nazar, eksport prognozi bajarilishi uchun javob beradi. Misol uchun, „O‘zto‘qimachiliksanoat“ uyushmasi klasterlarda paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab, uni chuqur qayta ishlashga, respublika bo‘yicha barcha tekstil mahsulotlari eksportiga mas’ul bo‘ladi”, deya qayd etiladi xabarda.

Shu bois tarmoqlarda zamonaviy tejamkor texnologiyalarni qo‘llagan holda, yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimini samarali ishga solib, korxonalarga tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashadi, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va xatarlarni sug‘urtalash choralarini ko‘radi.

Eksportni ta’minlashda barcha vazirlik va idoralar bevosita qatnashadi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi elchilar bilan birgalikda xorijiy davlatlardagi bozor talablari va buyurtmalarni aniqlab, eksport shtablariga muntazam taqdim etib boradi.

Hududlarga biriktirilgan elchilar hokimliklarga tashqi bozorlarda xaridor topish hamda mahalliy korxonalarni xorijiy davlatlardagi ko‘rgazmalarga yuborishga ko‘maklashadi.

“O‘zstandart” agentligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda sertifikatlash va standartlashtirish bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi.

“Hamma aniq bilishi kerak: agar eksportbop meva-sabzavotlar sifatli yetishtirilmasa va xorijga yil davomida yetkazib berilmasa, ularning eksportini keskin oshirib bo‘lmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlariga yengillik yaratish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Boltiqbo‘yi davlatlari bilan “Yashil yo‘lak” tizimini joriy qilish, karantin xizmatlaridan belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, AQSH va Yevropa bozoriga kirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yana bir dolzarb vazifa — xizmatlar eksportini kengaytirish, ayniqsa, turizmni rivojlantirish istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi.

Makroiqtisodiy barqarorlik ko‘p jihatdan importni tartibga solishga ham bog‘liqligi ta’kidlanib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, importning tarif va notarif boshqaruv siyosatini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.