Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida hisobvaraq-fakturani tajriba tariqasida elektron usulda joriy etish yoʻlga qo’yildi. Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, servis va xizmat koʻrsatish tarmoqlaridagi korxonalar faoliyatiga tatbiq etilayotgan ushbu zamonaviy usul tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini oladi, xarajatlarini kamaytiradi.
Bugungi kunda Chirchiq shahrida 154 ta servis va xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar boʻlsa, ularning 85%i hisobvaraq-fakturalarni elektron tarzda topshirish tizimiga oʻtdi. Qolgan 39 ta korxona esa bevosita aholiga naqd pul va plastik kartochkalar orqali tovar-xizmatlarni realizatsiya qiluvchi xoʻjalik subyektlaridir.
Chirchiq shahrida joriy yilning 6 fevral kuniga qadar oʻtkazilgan targʻibot-tashviqot ishlari natijasida 347 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 63,7 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 5774 ta hisobvaraq-fakturalar elektron tarzda joʻnatildi.
“Hisobvaraq-fakturalarning elektron usuli soliq idoralariga ham qator qulayliklarni yaratadi. Xususan, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tashqi manbasini aniqlash, korxonalar oʻrtasidagi munosabatlar shaffofligini taʼminlash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Tadbirkorlik subyektlari bilan oʻtkazilayotgan seminarlarda hisobvaraq-fakturalarni elektron usulda topshirishning afzalliklari xususida tushunchalar berib borilmoqda.