Prezidentning “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori e’lon qilindi.
Qaror bilan, Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazildi va Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) etib qayta nomlandi.
Agentlikka Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Adliya vazirining o‘rinbosari — direktor boshchilik qiladi.
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish tartibi joriy etiladi.
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab patent vakillari har besh yilda kamida bir marta keyinchalik attestatsiyadan o‘tkazilgan holda intellektual mulk sohasida o‘z malakalarini oshirishib boradilar.
Shuningdek, qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyulga qadar quyidagilarni ta’minlovchi intellektual mulk obyektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasi ishlab chiqiladi:
- huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;
- intellektual mulk obyektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum bo‘lganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritish va chiqarish;
- intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.