Prezidentning Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida Transport vazirligi tashkil etildi.
Vazirlik avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo transportlari, metropoliten, shuningdek, yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- yagona davlat transport siyosatini ishlab chiqish;
- transport sohasidagi yagona tarif siyosatini amalga oshirish;
- xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va tadbirkorlik sub’ektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish;
- transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
- butun transport tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish;
- avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish;
- transport sohasida nazoratni amalga oshirish;
- transport xizmatlari jahon bozorida O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ta’minlash;
- transport sohasidagi joriy va istiqbolli ehtiyojlarni inobatga olgan holda ta’lim, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli ravishda joriy etish.
Quyidagilar vazirlikka o‘tkazildi:
- Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi;
- Fuqaro aviatsiyasi agentligi;
- Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi;
- Hukumat huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi;
- Favqulodda vaziyatlar vazirligining O‘zbekiston kemachilik registri;
- Hukumat huzuridagi “O‘zaeronavigatsiya” markazi.