“O'zbekiston temir yo’llari” AJda Latviyaning SIA"SV Gulbis" kompaniyasi rahbari Vyacheslav Novikov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Unda “O'ztemiryo'lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati hududida to’g’ridan-to'g'ri chet el investitsiyasi evaziga bunyod etilishi kutilayotgan zamonaviy logistika markazini tashkil etish bo’yicha muzokaralar olib borildi, deb xabar beradi "O’zbekiston temir yo’llari" matbuot xizmati.
Xabarga ko’ra, uning umumiy maydoni 16 gektar bo’lib, 20 ming kv.m konteyner terminali uchun ajratilgan. Bu yerda 25 ming kv.m.da yopiq turdagi ombor, 14 ming kv.m.da yog’och va metal mahsulotlarini saqlash uchun majmua quriladi.
Shuningdek, hududda servis markazi, bojxona xizmati, omborlarni boshqarish tizimi, ma’muriyat binosi kabi inshootlar qad rostlaydi. Yangi tashkil etilayotgan logistika markazi yiliga 3 mln. tonna yuk qabul qilish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Ta’kidlanishicha, bu yerda qo’shimcha 350 ta yangi ish o’rinlari tashkil etiladi. Yuk saroyida yuk avtomobillari uchun ham bir qator qulayliklar yaratilib, u erda Shvetsiya va Germaniya davlatlarining texnika va texnologiyalarini o’rnatish ko’zda tutilgan.
Logistika markazida temir yo’l vagonlarni saralash, ortish va tushurish ishlari, yuklarni saqlash, ro’yhatdan o’tkazish, markirovka xizmatlari ko’rsatiladi. Markazni joriy yil so’nggida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.