Prezident “Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.
Xalqaro maydonda O’zbekiston manfaatlarini ifoda etadigan va faol ilgari suradigan, muhim iqtisodiy va huquqiy masalalarni hal qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash filial faoliyatining asosiy yo’nalishlaridan biri sanaladi.
Filialda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi:
- biznes-informatika (bakalavr);
- ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilish va prognozlashtirish (magistr);
- xalqaro xususiy, fuqarolik huquqi va arbitraj (magistr);
- xalqaro savdo va moliya huquqi (magistr);
- xalqaro tashkilotlar uchun sinxron tarjimonlar tayyorlash va madaniyatlararo kommunikatsiya (magistr).
Filial O‘zbekiston va Rossiya qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq bosh muassasaning alohida tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Ta’lim Rossiya Federatsiyasi federal ta’lim standartlariga muvofiq bosh muassasa tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va ta’lim dasturlari asosida rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Barcha darajadagi ta’lim dasturlari rus va ingliz tillaridan tashqari qo‘shimcha chet tilini o‘qitishni ko‘zda tutadi.
Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (1944 yilda tashkil etilgan) Rossiyaning yetakchi oliy o’quv yurtlaridan biri bo’lib, 18 yo’nalish bo’yicha mutaxassislarni tayyorlaydi. Institut 2010 yilda eng ko’p chet tillarini o’qituvchi (53 xorijiy til) institut sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.