10 milliardlik ma’lumotga ega sun’iy intellekt bahsda insonni mag’lub qila olmadi. Bu haqda “Hi-News” xabar berdi.

Bir necha yildan buyon IBM sun’iy intellekti Project Debater dasturi odamlarga o’z fikrlarini isbotlash va bahslarda g’oliblikka erishishni o’rganmoqda.

2018 yil iyun oyida u Isroilning yetakchi boshlovchisi Den Zafirga qarshi kosmik tadqiqotlar va telemeditsina uchun subsidiyalar ajratish bo’yicha bahsda chiqdi va uni mag’lub etdi.

11 fevralda u jiddiy raqibga duch keldi — bahs-munozara bo’yicha jahon chempioni Harish Natarajan. Ular San-Fransiskodagi IBM konferentsiyasida uchrashib, maktabgacha ta’limni subsidiyalashning foyda va zararlari haqida fikr almashdilar. Munozara juda og’ir va qiziqarli bo’ldi.

Munozara mavzusi tadbir boshlanishidan oldin e’lon qilindi. Sun’iy intellekt Project Debater’ning vazifasi tomoshabinlarni subsidiyalarning afzalliklariga ishontirishi, Harish Natarajan bunga qarshi chiqishi kerak bo’lib, ularga tayyorgarlik uchun 15 daqiqa vaqt ajratildi — bu vaqt davomida sun’iy intellekkt 10 milliardlik ma’lumotlarni o’rganib chiqdi.

Munozara qismlarga bo’lindi: to’rt daqiqali nutqlar, raqibning argumentlariga javob va ikki daqiqa davom etadigan yakunlovchi so’z. Project Debater o’zining taqdimotini kichik hazil bilan boshladi:

“Men xalqqa qarshi munozarada dunyo rekordini ushlab turganingizni eshitdim, ammo siz hech qachon mashina bilan bahslashmaganingizga ishonaman. Kelajakka xush kelibsiz!”.

Hakamlar 416 kishidan iborat edi. Smartfonlar yordamida ular munozaradan oldin va keyin ovoz berishdi. Nutq so’zlash jarayonida Harish Natarajan 17% tomoshabinlarning fikrini o’zgartira oldi, shuning uchun g’alaba unga berildi.