Prezident to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uning eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.
Qarorga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining yagona axborot portali ishga tushiriladi. Portalda:
- tarmoqning tender savdolari (tanlovlar), ko‘rgazma va yarmarkalar, shu jumladan, xorijiy ko‘rgazma va yarmarkalar ro‘yxatini e’lon qilish;
- kichik tadbirkorlik subyektlarini to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini eksport qilishning to‘liq jarayoniga masofaviy o‘qitish;
- butun dunyo mamlakatlari bo‘yicha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini olib kirish va olib chiqish tahlili yuzasidan to‘liq hisobotlar bilan tanishish;
- “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash navigator choralari"ni joylashtirish;
- to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati ishlab chiqaruvchilar va xizmatlar, materiallar va xom ashyo yetkazib beruvchilar joylashuvi ko‘rsatilgan O‘zbekistonning interaktiv xaritasini yaratish;
- to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun O‘zbekistonning qiyosiy ustunliklarini e’lon qilish;
- to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan onlayn-dasturiy mahsulotlarni xorijiy analoglar bilan integratsiya qilish;
- moliya xizmatlarini, shu jumladan, lizing kontraktlari bo‘yicha qarz mablag‘larini, uskunalarni hamda sug‘urta xizmatlarini jalb qilish bo‘yicha yetkazib beruvchilarni aks ettirish;
- milliy to‘qimachilik korxonalari uchun ishlab chiqariladigan va talab qilinadigan xizmatlar, materiallar va xom ashyolar nomenklaturasi va hajmini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi.