Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, 2018 yilning IV choragida aholi va tadbirkorlik subyektlarida qisqa hamda o‘rta muddat davomida narxlar barqarorligi bo‘yicha avvalgi choraklarga nisbatan ehtiyotkorona yondashuv kuzatildi.

Ta’kidlanishicha bu holat inflyatsiyaning aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalari dinamikasida o‘z aksini topdi.

Aholining xarid qobiliyatini baholash natijalariga ko‘ra 2018 yilning IV choragida aholining daromadlari oshganini ko‘rsatmoqda. Oxirgi 12 oy davomida daromadlari oshganini qayd etgan respondentlar ulushi oldingi chorakka nisbatan 7% bandga ko‘tarilib 70%ni tashkil qildi, buning aksini qayd etgan respondentlar ulushi esa 9% bandga kamayib 24%ni tashkil qilgan.

12 oyda daromadlari oshishini kutayotgan respondentlar ulushi oldingi chorakka nisbatan 5% bandga oshib, 73%ni tashkil etgan bo‘lsa, buning aksini qayd etganlar ulushi 16%gacha tushgan. Biroq, daromadlari oshishini kutayotgan respondentlarning aksariyat qismi narxlar o‘sishi ularning daromadlari o‘sishidan ko‘proq bo‘lishini kutayotganini qayd etgan.

“Shu bilan birga, daromadlarning oshishi bo‘yicha kutilmalar talab tomonidan inflyatsion kutilmalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin”, deyiladi xabarda.

2018 yilning IV choragida aholining jamg‘arish kayfiyatida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. Respondentlarning katta qismi jamg‘armalarini tadbirkorlikka ishlatishini (44%) yoki ularni qisman sarflashini (30%) qayd etgan.

Qayd etish etilishicha, yil davomida jamg‘armalarini tadbirkorlikka yo‘naltirishni afzal ko‘rgan respondentlarning ulushi pasayib bormoqda.

Ilgari Spot Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha o’tkazilgan so‘rov natijalariga ko’ra, aholining kreditga bo‘lgan ehtiyoji yuqoriligi aniqlangani haqida ma’lum qilgan edi.