Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha so‘rovlar o’tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida jami 750 nafar jismoniy shaxslar va 300 ta yuridik shaxslar ishtirok etdi.

So‘rovda aholining kreditga bo‘lgan munosabati o‘rganildi. So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 64%ida joriy kreditlar mavjudligi aniqlandi.

Eng ommabop kredit turlaridan iste’mol krediti (respondentlarning 24%ida), ipoteka (13%ida) va avtokredit (12%ida) bo‘ldi. 2018 yilning IV choragida respondentlarning kelgusi 12 oyda bank kredit foiz stavkalari o‘sishi bo‘yicha kutilmalari sezilarli darajada oshdi.

Jumladan, respondentlarning 49%i bank kredit stavkalarini “25%dan yuqori” bo‘lishini kutayotgan bir paytda, ularni “16%dan past” bo‘lishini kutayotganlar ulushi 12%ni tashkil etdi.

Kredit stavkalari bo‘yicha kutilmalarning yomonlashishiga qaramasdan, respondentlarning kreditga bo‘lgan ehtiyoji yuqoriligini ko‘rsatdi. IV chorakda so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslarning 35%i kreditga ehtiyoji yo‘qligini, 61%i esa kelgusi 12 oyda kredit olishni mo‘ljallayotganini qayd etib o‘tgan.

Bundan tashqari, “Aynan qaysi kredit turidan foydalanmoqchisiz?” degan savolga aksariyat qismi avtokredit (respondentlarning 26%i), ipoteka krediti (21%i), iste’mol krediti (18%i), shuningdek oilaviy biznes yuritish uchun kredit (15%i) javoblarini belgilagan.