Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhiga ko’ra, 2019 yil va 2020−2021 yillar davriga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarida keltirilgan iqtisodiyot rivojlanishning bazaviy ssenariyasiga asosan 2019 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 13,5−15,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Markaziy bank ushbu prognoz ko‘rsatkichlarni o‘zgarishsiz qoldirdi. Bunda, tartibga solinadigan narxlar oshirilishining ikkilamchi ta’siri ko‘lamining kengayishi, ya’ni energiya resurslari uchun xarajatlarning oshishi sababli ichki tovarlar va xizmatlar tannarxining qimmatlashishi bilan 2019 yilning boshida nisbatan o‘suvchi inflyatsion muhit kutilmoqda.
Yillik inflyatsiyaning eng yuqori qiymati 2019 yilning I choragida yuzaga keladi. Bundan tashqari, biznes sub’ektlarining soliq to‘lashning yangi sharoitlariga moslashishi davrida inflyatsiyaning qisqa muddatli tebranishi kuzatilishi mumkin.
“Inflyatsiyaga salbiy omillar ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha barcha iqtisodiy idoralarning birgalikdagi sa’y-xarakatlari bilan inflyatsiyani prognoz darajasidan pasaytirishga erishish mumkin”, deyiladi xabarda.
Imtiyozlar taqdim etish
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha imtiyozlar taqdim etish mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, iqtisodiy faollikni bunday rag‘batlantirishning samaradorligini oshirish pul-kredit siyosati transmission mexanizmi foiz kanali ta’sirchanligini oshirishga hamda pul-kredit sharoitlarini nomaqbul yumshatilishi oldini olishga yordam beradi.
Iqtisodiyotda davlat aralashuvini kamaytirish
Iqtisodiyotda davlat aralashuvini kamaytirish, iqtisodiyotning barcha sektorlarini erkinlashtirish va monopoliyadan chiqarish, shuningdek bozorning barcha ishtirokchilari uchun bir xil bo‘lgan shaffof qoidalar asosida qulay biznes muhitini yaratish orqali iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish taklif omillarining inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiradi.
Bojxona tariflarini minimallashtirish va import tartiblarini soddalashtirish
Hozirgi vaqtda ichki iqtisodiyotda kuzatilayotgan iste’mol va investitsiya talabi oshishi sharoitida bojxona tariflarini minimallashtirish va import tartiblarini soddalashtirish, shuningdek import qiluvchi barcha biznes sub’ektlari uchun teng sharoitlarni yaratish import tovarlari va xom-ashyolari narxlari keskin o‘sishining oldini oladi. Bunda, ichki tovarlar taklifining yetarli emasligi import hisobiga qoplanadi. Qayd etish lozimki, 2019 yil yanvardan bir qancha tovar pozitsiyalari bo‘yicha bojxona stavkalarini oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi bir tomondan importni qimmatlashishi, ikkinchi tomondan tegishli tovar bozorlarida raqobatning kamayishi hisobiga mazkur tovar turlari bo‘yicha narxlar o‘sishi xavfini keltirib chiqaradi.
Uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash
Taklif omillarining inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirishning muhim sharti iqtisodiyotning real sektori korxonalarini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash hamda ishlab chiqarish, transport va kommunikatsiya infrastrukturasini rivojlantirish hisoblanadi.
Pul-kredit siyosatining amaldagi yo‘nalishini saqlab qolinishi va byudjet xarajatlarini belgilangan parametrlar doirasida bajarilishi, shuningdek, yangi soliq tizimining samarali joriy etilishi sharoitida Markaziy bank 2019 yil III chorak boshida inflyatsiya prognozini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.