O’zbekiston o’zining valyuta zaxiralari bo’yicha oltin ulushini kamaytirishni va uning o’rniga AQSh g’aznachilik qimmatli qog’ozlarini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Moliya vaziri Jamshid Qo’chqorov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Reuters”.

"Joriy yilning boshidan buyon Markaziy bank o’zining zaxiralarini boshqarish usullarini diversifikatsiya qilib, AQShning ba’zi g’aznachilik qimmatli qog’ozlarini sotib olmoqchi", — dedi Qo’chqorov Londonga tashrifi davomida.

Markaziy bank raisining birinchi o’rinbosari Timur Ishmetovning so’zlariga ko’ra, bugungi kunda O’zbekiston zaxirasining yarmini oltin tashkil qiladi.

“Zaxiramizdagi oltin ulushini asta-sekin kamaytirishni va unga AQSh xazina obligatsiyalarini qo’shishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Ishmetov.

Jamshid Qo’chqorov qayd etishicha, hukumat davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirishni davom ettiradi.

Ro’yxatning yuqori pog’onasidan “O'zbekenergo” o’rin olgan bo’lib, 2019-yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ajratiladi, qolgan qismi esa davlat-xususiy hamkorligi orqali xususiy investitsiyalar uchun ochiq bo’ladi.

O’zbekiston tarixda ilk marotaba 1 milliard dollarlik obligatsiyalarni joylashtirdi. Investorlar tomonidan 8,7 milliard $ lik talab kelib tushdi. Talabning yuqoriligi sababli foiz stavkalari qayta ko‘rib chiqilib, ularni 4,75% va 5,3% gacha tushirildi.

Britaniyalik investorlar 5−10 yillik obligatsiyalarning 39% va 32%ini, amerikaliklar 23% va 31%ini xarid qildilar. Kontinental Yevropa investorlari 32% va 37%iga ega bo’ldilar, qolgan 6% va 10%i esa Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika investorlari tomonidan sotib olindi.