To‘lov tizimi brendini yaratish maqsadida Markaziy bank tomonidan yangi tashkil etilayotgan to‘lov tizimi uchun nom tanlashga tanlovda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalari bo‘yicha “Humo” varianti 45,3% bilan birinchi o‘rinni egallagan edi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko’ra, mazkur to‘lov tizimini 2019 yil mobaynida to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda “Humo” to‘lov tizimi uchun muhandislik infratuzilmalarini yaratish va bank kartalari, terminal qurilmalari, bankomatlar xarid qilish bo‘yicha ishlar ham parallel ravishda amalga oshirilmoqda.
Markaziy bank Axborotlashtirish Bosh markazi tarkibida Milliy banklararo protsessing markazini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Qayd etilishicha, Milliy banklararo protsessing markazining muvaffaqiyatli ishga tushirilishi bank kartalariga asoslangan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi chakana to‘lov tizimlari o‘rtasida raqobat muhitining paydo bo‘lishiga, to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun xizmatdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan komission haq arzonlashishiga, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda masofaviy naqd pulsiz hisob-kitoblar ko‘lamini oshirishga, bank kartalariga asoslangan chakana to‘lov tizimlari sonining ortishi bilan mamlakat to‘lov tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan risklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
2019 yil 1 yanvar holatiga 17 686 ming ta bank plastik kartalari muomalada bo‘lib, 2018 yil mobaynida DUET tizimi bank plastik kartalari bilan bog‘liq loyihalarning tugatilganligi munosabati bilan umumiy soni qisqargan.
To‘lov terminallari soni esa 2018 yil 1 yanvar holatiga 235 712 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yil mobaynida 3,9 foizga ortib 2019 yilning 1 yanvar holatiga 244 913 tani, shuningdek bankomat va infokiosklar soni esa 2018 yil 1 yanvar holatiga 5 632 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yil mobaynida qariyb 21,8 foizga ortib 2019 yilning 1 yanvar holatiga 6 859 tani tashkil etgan.