“Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida” va “Pulli yo‘llar to‘g‘risida"gi qonunlar loyihalari ishlab chiqildi. Tez kunlarda ular Oliy Majlisda ko’rib chiqiladi. Hozirgi paytda qonun loyihalari tegishli vazirliklar va idoralar bilan muvofiqlashtirilmoqda.
Bu haqda 20 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-xollida bo’lib o’tgan matbuot anjumanida Avtomobil yo’llari davlat qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari Shuhrat Nazarov ma’lum qildi.
Uning so’zlariga ko’ra, pullik yo’llar to’g’risidagi qonun loyihasida, xususan, tariflarni shakllantirish mexanizmlari va pul undirish usullari belgilandi.
Hozirda Transport vazirligi va Avtomobil yo’llari davlat qo’mitasi respublikada pulli yo’llar qurilishi mumkin bo’lgan bir necha trassalarni o’rganib chiqmoqdalar.
Avvalo, vazirlik Toshkent — Samarqand yo’nalishi bo’yicha tezyurar avtomobil yo’lini qurish masalasini ko’rib chiqmoqda. Hozirda geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Agentlik aholi va sayyohlar orasida talab qilinadigan boshqa yo’nalishlar, shuningdek, pullik tunnellar, masalan, Qamchiq dovoni (Namangan viloyati) yoki Taxtaqoracha (Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani) orqali qurilishi masalalarini ko’rib chiqmoqda.
“Birinchi navbatda, ko’p qatnovli yo’nalishlarni belgilaymiz. Chunki pullik qatnov talabgir bo’lishi kerak. Keyin yangi avtomagistralning optimal yo’nalishini belgilaymiz va loyihani investorlarga taklif qilamiz”, — deydi qo’mita raisi o’rinbosari.
2019 yilgi Investitsiya dasturiga asosan Respublika bo‘yicha 100,5 km umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yil davomida 2 200 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida joriy ta’mirlash va saqlash (ekspluatatsiya) ishlari bajariladi. 2019 yilda Respublikadagi shahar ko‘chalari va boshqa aholi punktlarining ichki yo‘llarini kapital va joriy ta’mirlash ham ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, “Obod qishloq” davlat dasturi bo‘yicha 5 200 km ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llari, “Obod mahalla” davlat dasturi bo‘yicha 400 km shahar ko‘chalarida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borish ko‘zda tutilmoqda. Bulardan tashqari, hukumat topshiriqlari va tasdiqlangan “Yo‘l xaritalari"ga asosan 1 200 km ichki yo‘llar ta’mirlanishi ham belgilangan.
2018 yil noyabr oyida Toshkent shahar hokimligida pullik yo’llarni ikki yo’nalishda — “Toshkent — Chimkent (Qozog'iston) bilan chegara posti” va Toshkentdan Chimyonga (Toshkent viloyati, Bo’stonliq tumani) qurish masalasi ko’rib chiqilgan edi. Joriy yil yanvar oyida esa Sergeli tuman xalq deputatlari kengashi deputati Sergelidan shahar markazigacha pullik yo’l qurishni taklif qildi.