Bugungi kunda jahonda 4000 ta erkin iqtisodiy zona (400 ta erkin savdo zona, yana shuncha ilmiy-ishlab chiqarish parki, 300 dan ziyod eksport-ishlab chiqarish parki, 100 ta maxsus yo‘nalishdagi zona) faoliyat ko‘rsatyapti, deb yozadi “Biznes-Daily”.
Xitoydagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, bugun Xitoy iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda bo‘lib, bunga jahondagi biznes munosabatlarni zudlik bilan o‘zgartira olganligi sababli erishgan. Arzon ish kuchi G‘arbda shippaklardan tortib mobil telefonlargacha bo‘lgan turli mahsulotlarning narxi arzonlashishiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, Xitoy Afrikada eng yirik investorga aylandi, Pekin Yevropa yoki Amerikani emas, aynan “qora qit’a"ni o‘zining asosiy hamkori hisoblaydi.
Hozir Xitoy tovarlarini dunyoning hamma joyida ko‘rish mumkin, XXI asrga kelib u chindan ham “dunyo fabrikasi"ga aylana oldi. Jahondagi fotoapparatlarning 50%i, konditsionerlarning 30 foizi, kir yuvish mashinalarining 25 foizi va sovutgichlarning qariyb 20 foizi aynan shu yerda ishlab chiqarilyapti.
Alohida qayd etish lozimki, Xitoy taraqqiyotida erkin iqtisodiy zonalarning o‘rni katta bo‘lgan. Ayni paytda bu yerda to‘rtta maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatmoqda — Shenchjen, Chjuxay, Shantou va Syamen. Bundan tashqari, 14 ta erkin savdo zonasi, 53 ta yuqori va yangi texnologiyalar zonasi, xorijda tahsil olgan mutaxassislarga mo‘ljallangan 70 dan ortiq ilmiy-texnik zona, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlarni qayta ishlaydigan 38 ta zona bor.
Umuman, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda asosiy e’tibor hududlar tabiiy resurslari hamda industrial salohiyatidan foydalanish va eksport tizimini kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Aynan shu o‘rinda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning unumli shakli bo‘lgan zamonaviy erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi. Aynan ushbu yo‘nalishda jahon tajribasida keng qo‘llanilayotgan va o‘z samarasini berayotgan bir qator iqtisodiy chora-tadbirlarni qayd etish joiz.
O’zbekistondagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari
O‘zbekistonda ham mazkur sohada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy zona mavjud bo‘lib, ulardan ayrimlarining faoliyati ancha jadallashgan. Xususan, “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarida umumiy qiymati 486 million dollarga teng 62 loyiha amaliyotga tatbiq etilgan, qolaversa, 4 ming 600 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm”, “Parkent-farm” singari farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan 7 yangi erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish bo‘yicha ham barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti.
Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, xorijdan yuqori texnologik uskunalar xarid qilish uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 100 million $ miqdorida chet el valyutasidagi kredit liniyasi ochilgan.
Bundan tashqari, kichik sanoat zonalaridagi direksiyalar kredit olish va bank xizmatlaridan foydalanishda har bir zonaga biriktirilgan tijorat banklari bilan hamkorlikda ish olib borayotganligi ham muammolarni bartaraf etishda ayni muddao bo‘lmoqda. Bozor talablari va import nomenklaturasini o‘rganish asosida tadbirkorlar uchun takliflar, istiqbolli loyihalar ro‘yxati shakllantirilgan. Imtiyozlardan yana biri shuki, kichik sanoat zonasida ishlaydigan subyektlar 2 yil barcha soliqlardan ozod etilgan.
Shuningdek, bo‘sh turgan yoki samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish binolaridan unumli foydalanish, yangi korxonalar tashkil etishni rag‘batlantirish maqsadida mazkur binolar negizida kichik sanoat zonalari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytgacha mamlakatimizda ularning soni 96 taga yetdi.
Hozirgacha ushbu zonalarda umumiy qiymati 535 milliard so‘mga teng 1021 loyiha amalga oshirilgan, 9 ming 600 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Loyihalar doirasida nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir bo‘lgan yengil sanoat, kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi buyumlari, zamonaviy qurilish materiallari, mebel va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, kelgusida 248 loyihani amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 11 ming yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Erkin iqtisodiy zonalardagi muammolar va ularni qanday bartaraf etish yo’llari
Lekin shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: mazkur yo‘nalishda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanilyaptimi? Agar kichik sanoat zonalarining sarmoyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishdagi o‘rnini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularda hamon tashabbuskorlik yetishmasligi, faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish darajasi sustligi ko‘zga tashlanadi.
Masalan, mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan loyihalarni ko‘rib chiqish hamda muvofiqlashtirish jarayoni hamon murakkabligicha qolib, rasmiy xarakter kasb etmoqda. Afsuski, erkin iqtisodiy zona qatnashchilariga yer uchastkalari ajratish masalalarini hal etishda hanuz byurokratizm asoratlari saqlanib qolmoqda.
Ayniqsa, “Urgut”, “Qo‘qon”, “G‘ijduvon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalari, shuningdek, farmatsevtika yo‘nalishidagi erkin iqtisodiy hududlarda yangi korxonalar tashkil etish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb qilish ishlari sust. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari bilan barqaror ta’minlashda ham muammolar kuzatilmoqda.
Vaholanki, mazkur hududlarda investor va tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratishga oid kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni davr taqozo qilmoqda. Avvalo, ushbu zonalar faoliyatiga doir me’yoriy-huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish, zarur bo‘lsa davr talablariga moslashtirish, barcha uchun ochiq va tushunarli mexanizm yaratish zarur.
Qolaversa, yer uchastkalari, bo‘sh turgan binolarni ajratish tartibini ham soddalashtirish lozim. Masalan, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’muriy kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shu paytgacha bu kengash 17 vazirlik va idoradan iborat edi. Prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, ularning soni 4 ta etib belgilandi. Shu bilan birga, yangi tizim — hududiy komissiyalar tashkil etilib, ularning loyihalarni ko‘rib chiqish va ruxsat berish huquqlari kengaytirildi.
Bundan tashqari, hukumat tomonidan imtiyozlar yaratiladi. Iqtisodiy zonalarda joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish mezoni qayta ko‘rib chiqilib, ishtirokchilarga kredit ajratishni yaxshilash hamda muhandislik ta’minoti vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.
Boshqa qator muammolar ham mavjudki, ular ishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Masalan, ayrim erkin iqtisodiy zonalarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va ishlab chiqarish infratuzilma obyektlarini qurish bilan bog‘liq masalalar haligacha oxiriga yetkazilmagan. Bu investorlarni jalb qilishda qiyinchiliklar tug‘diryapti. Erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan tijorat banklariga yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan taklif kiritish bo‘yicha yetarlicha tashabbus ko‘rsatilmayapti.
Ba’zi viloyatlar hokimliklari tomonidan erkin iqtisodiy zonalarda loyihalar aniq hisob-kitoblarsiz joylashtirilishi oqibatida ayrim faoliyat turlari uchun sun’iy imtiyoz berilishiga va bu, o‘z navbatida, bozordagi raqobat muhitining buzilishiga olib kelmoqda.
Shu bois, mavjud erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat, shuningdek, farmatsevtika zonalarida faoliyat yuritayotgan, eksportga mahsulot chiqarayotgan, innovatsion, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil qilgan biznes subyektlari va tadbirkorlarga berilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalarning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash ham muammolardan biridir.
Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakat investitsiya salohiyatini jahon biznes hamjamiyatiga to‘la namoyon etishga qaratilgan, sarmoya kiritishga intiladigan investorlar uchun hududlar va tarmoqlar bo‘yicha investitsiya loyihalarini shakllantirishda kompleks yondashuvlarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishga e’tibor qaratilishi zarur. Shu bilan birga, “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonunni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish, uni davr ruhiga uyg‘un holda yanada takomillashtirish lozim.