27 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Times Higher Education xalqaro reyting agentligi va Elsevier kompaniyasi bilan uch yilga mo‘ljallangan hamkorlik bitimini imzoladi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Imzolangan bitimga ko‘ra, vazirlik Times Higher Education bilan O’zbekistondagi OTMlarning jahon ilm-fanidagi mavqeini mustahkamlash, ta’lim bozorida raqobatbardoshligini oshirish, qolaversa, dunyoning yetakchi ilmiy-ta'lim markazlari, nufuzli universitetlarning xalqaro reytingiga kiritish yo‘lida birgalikda harakat qiladi.

Kelishuv doirasida vazirlik respublikadagi eng yaxshi universitetlar rektorlari va proyektorlaridan iborat Times Higher Education ekspertlari bilan birgalikda ishlaydigan ishchi guruhni shakllantiradi.

Shuningdek, jahonga mashhur Elsevier nashriyot uyi bilan SciVal axborot-tahliliy portali ma’lumotlaridan foydalanish bo‘yicha Bitim imzoladi.

Mazkur kelishuv respublika OTMlariga xalqaro ilmiy axborotlar manbasidan foydalanish, universitetlarning xalqaro global reytingiga kirish imkonini beradi.