Prezident Namangan viloyatida amalga oshiriladigan yangi vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Namangan viloyatini kompleks rivojlantirish bo’yicha Dastur ishlab chiqildi. Dasturga asosan, viloyatida 2019−2020 yillarda umumiy qiymati 2,8 milliard $ bo‘lgan 1 ming 400 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.

“Davlat rahbari ushbu loyihalar 39 mingta doimiy ish o‘rni yaratish, 1,1 milliard $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish va o‘zlashtirishni ta’minlashini alohida ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, viloyatda “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 1 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bu mablag‘lar hisobiga viloyatda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangicha tizimi joriy etiladi.

Namangan viloyatidagi tuman markazlarini obod maskanlarga aylantirish maqsadida har bir tumanga 20−25 milliard so‘mdan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan qishloqlar va mahallalarga qo‘shimcha ravishda 2 milliard so‘mdan ajratilishi ta’kidlandi.