Energetika vaziri Alisher Sultonov AQSHning “Air Products” korporatsiyasi prezidenti Seyfi Gasemi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va “Air Products” korporatsiyasi o‘rtasida “Qo‘shma korxona tashkil etish shartlari bo‘yicha bitim” va “O‘zaro anglashuv memorandumi” to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Xabarga ko’ra, “Air Products” bilan hamkorlik doirasida “metanol v olefinlar” (MTO) texnologiyasi asosida tabiiy gazni mukammal qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish va shu asosda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama etilmoqda.
Amerika korporatsiyasi ayni vaqtda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishning beshta yo‘nalishini belgilab olgan. Ulardan birinchisi, uchrashuv doirasida imzolangan kelishuvga muvofiq sanoat gazi bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish bo’lib bu borada geliy ishlab chiqarish loyihasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurish loyihalari o‘rganilmoqda, shuningdek, “metanol va olefinlar” texnologiyasi bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rilmoqda.
Korporatsiya mazkur loyihani dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirgan.
“Qisqa qilib aytganda, hamkorlik yuzasidan aniq loyihalarimiz bor va ularni ro‘yobga chiqarish uchun hamkorlikda ish olib boramiz. Biz bunga tayyormiz, istiqbol sari harakat qilishga istagimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli”, — dedi “Air Products” korporatsiyasi rahbari.
1940 yilda tashkil etilgan “Air Rroducts” korporatsiyasi gaz ishlab chiqarish va gazni qayta ishlash, neft-gazni qayta ishlovchi, metallurgiya, elektr texnika uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
“Air Products” kompaniyasining fikricha, O‘zbekiston rivojlanishning hozirgi bosqichida neft-gaz va neft-kimyo sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishga, ayniqsa, uglevodorod xomashyosi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratayotganligi bilan ham xorijlik sarmoyadorlar e’tiborini tortmoqda.
“Air Products” gaz ishlab chiqarish bo‘icha jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lgan kompaniya hisoblanib uning faoliyat yuritayotganiga 75 yildan oshdi. U o‘zining 50 mamlakatda 15 ming nafarga yaqin xodimiga ega. Kompaniya turli tarmoqlar asosida faoliyat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.