Bugungi kunda O’zbekistonning eng katta muammolaridan biri bu o’rta korxonalar yetishmasligidir. Bu haqda “Газета.ru” nashrining “Rossiya hisobiga yashash: O’zbekistonga pul qanday oqib borayotganligi xususida” nomli maqolasida keltirilgan.
Xususan, maqolada keltirilishicha, O’zbekistondagi beshta ishchi xodimning to’rt nafari qishloq xo’jaligi yoki kichik xizmatlar sektorida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, xodimlarning uchdan bir qismi davlat korxonalarida ishlaydi, yana uchdan bir qismi esa o’z-o'zini ish bilan ta’minlaydi.
Gazetaning ma’lumotlariga ko’ra, 2018 yilda Rossiyadagi jismoniy shaxlar tomonidan chetga 9.484 mlrd. $ miqdorida pul jo’natilgan. Rossiyaga yuborilgan pul o’tkazmalari umumiy qiymati 2,65 milliard $ni tashkil etdi.
“2018 yilning so’nggi uch choragi uchun mavjud ma’lumotlarga qaraganda MDH mamlakatlari orasida pul jo’natmalari asosan O’zbekistonga yuborilmoqda”, — deyiladi maqola.
Xususan, 2018 yilning uchinchi choragida Rossiyadan MDH mamlakatlariga jami 3,759 mlrd. $ yuborildi, bu mablag’larning deyarli uchdan bir qismi O’zbekistonga to’g’ri keladi. Yuborilgan pul miqdori — 1,254 mlrd $.
Rossiyada rasmiy ro’yxatdan o’tgan O’zbekistonlik muhojirlar qariyb 1.1 millionni tashkil etadi va bu Turkmaniston va Qirg’izistondan kelgan muhojirlar sonidan sezilarli darajada ko’pdir, shuning uchun pul oqimlari, shu jumladan pul o’tkazmalari raqamlar nisbati bilan mos keladi, — deydi “Univer Capital” bosh strategi Dmitriy Aleksandrov.
“Freedom Finance” tahlilchisi Anastasiya Sosnova so’zlariga ko’ra, O’zbekistondan kelgan muhojirlarning ko’pchiligi asosan qurilish, uy-joy va kommunal xizmatlarda ishlaydi, ish uchun olingan pul esa ularning oilalariga va qarindoshlariga yuboriladi.
Fevral oyi o’rtalarida Jahon banki ekspertlari guruhi O’zbekiston haqida hisobot tayyorladi. Ekspertlar unda mamlakatda hal qilinishi lozim bo’lgan to’rtta muammoni ko’rsatdi, ular — bandlik sohasi rivojlanmaganligi, korxonalar yetishmasligi, eksport tanqisligi va energiya samaradorligining pastligi.
Hisobotda O’zbekistonda mehnatga layoqatli fuqarolar soni jadal sur’atlarda o’sib borayotganligi, agar hozirgi o’sish sur’ati saqlanib qolsa 2030 yilga kelib, O’zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda (Rossiya, Turkiya, Ukraina va Polshadan keyin) beshinchi yirik ishchi kuchi mavjud mamlakatga aylanishi qayd etiladi.
“Alor” kompaniyasi tahlilchisi Aleksey Antonovning so’zlariga ko’ra, umuman olganda, Rossiyada mehnat muhojirlari orasida mashhurlik darajasi yuqoriligicha qolayapti, endi ular oqimining pasayishi ehtimoldan yiroq.