“Yandex.Metro” ilovasi Toshkent shahrida ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya Spot’ga ma’lum qildi.
Toshkentda “Yandex.Metro"ning mobil ilovasi ishga tushirildi. Uning yordamida shahar aholisi va unga tashrif buyurgan sayyohlar metroda kerakli marshrutni ko‘rishlari, qayerda boshqa yo‘lga o‘tishni va safar qancha vaqtni olishini bilib olishlari mumkin.
“Foydalanuvchi jo‘naydigan va chiqadigan stansiyalarini ko‘rsatishining o‘zi kifoya — „Yandex.Metro“ kerakli o‘tish yo‘lagi yoki shaharga chiqish joyida bo‘lish uchun eng qulay bo‘lgan marshrut va vagonni ko‘rsatadi. Ilovada har bir stansiyaning ish vaqti va ularning shahar xaritasida joylashgan joyini ko‘rish mumkin. Agar stansiya ta’mirlash uchun yopilsa, bu sxemada ko‘rsatiladi”, deyiladi xabarda.
Ilovadan Android va iOS tizimida foydalanish mumkin. U internetsiz ishlaydi. Foydalanuvchilar metro sxemasi tilini tanlashlari mumkin — o‘zbek tili yoki rus tili.
Ta’kidlanishicha, yaqin kelajakda sxemada Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari va boshqa foydali mo‘ljallar paydo bo‘ladi.