O‘zbekiston Mlliy aviakompaniyasining yangi Airbus A320neo samolyoti o‘z qatnovlarini boshladi.
Birinchi yo‘lovchilar yangi samolyotning afzalliklari — individual ko‘ngilochar dasturli monitorlar, aloqa va Wi-Fi tizimlari, manzilga qadar qulay parvozni ta‘minlaydigan yaxshilangan tovush izolatsiyasi va boshqa qulayliklar mavjud.
Uzcard banklararo to‘lov tizimi orqali internet xizmatlari uchun bank kartalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida, Yagona umumrespublika protsessing markazi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” ning billing tizimiga integratsiya qilish imkoniyati yaratildi.
Kompaniyada ta’kidlanishicha, har bir yo‘lovchi taklif etilgan narxlarga binoan belgilangan megabaytlarni xarid qilishi va parvoz vaqtida undan foydalanishi mumkin. Ushbu to‘lov jarayoni mobil uskunaga integratsiya qilingan avtomatlashtirilgan tizim orqali hamda parvoz xodimi yordamida amalga oshiriladi.
Joriy yilning 11-mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK aviaparki Airbus A320neo samolyoti bilan to‘ldirildi, ikkinchi samolyotning keltirilishi esa, shu yilning aprel oyida kutilmoqda.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAning Yangi Airbus A320neo samolyoti ikki klassli komponovkada ishlangan bo‘lib, 150 yo‘lovchini (biznesda — 12ta, ekonom klassda — 138ta) tashishga mo‘ljallangan.
“Samolyot yoqilg‘i tejamkorligini ta’minlovchi CFM International kompaniyasining LEAP-1A yangi dvigatellari va aerodinamik xususiyatlarini yaxshilovchi fyuzelyaj konstruksiyasidagi zamonaviy ishlanmalar tufayli oldingilariga nisbatan 20 foizga tejamkordir”, deyiladi Milliy aviakompaniya xabarida.
Iqtisodiy samaradorligi yuqori avialaynerning parvoz masofasi 4,5 mingdan 6 ming kilometrgacha uzaytirilganligi butun Markaziy Yevropa bo‘ylab qatnovlarni amalga oshirish imkonini beradi.