Davlat bojxona qo’mitasi tovarlarning bojxona qiymatini avtomatik ravishda aniqlaydigan modulni joriy etish ustida ish olib bormoqda.
Bu haqda DBQ Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi rahbari Ilhom Muxtorov bojxona organlarida Xavflarni boshqarish tizimini joriy etish bo’yicha o’tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Muxtorovning qayd etishicha, bojxona qiymati — tashqi savdo bilan shug’ullanadigan tadbirkorlar va bojxona inspektorlarining eng katta muammolaridan biridir.
“Muammo asosan korrupsiya omillari mavjudligi tufayli yuzaga keladi. Shuning uchun, yil oxirigacha avtomatlashtirilgan modulni yaratmoqchimiz. Bu modul inson ishtirokisiz qiymatni aniqlaydi “, — dedi Davlat bojxona qo’mitasi vakili.
Xususan, bojxona qiymatini hisoblash uchun algoritm ishlab chiqilmoqda va u keyinchalik xatarlarni boshqarish tizimiga joriy etiladi.