Prezident qaroriga binoan 2019 yil 1 mayga qadar — energiya resurslarining tannarxini pasaytirish va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Moliya vazirligi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarining texnik ko‘magida 2019 yil 1 mayga qadar elektr energiya tariflarini belgilash metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini taqdim etadi.
Unda elektr energiyani ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda ekspluatatsion, operatsion va investitsion sarf-xarajatlar to‘liq qoplanishini, shuningdek, elektr energetika tarmog‘i korxonalari rentabelligining chegaralangan normasi belgilanishi nazarda tutiladi.
Shuningdek, Energetika vazirligining “Qishloqenergoloyiha” AJ negizida 0,4 kVdan 500 kVgacha kuchlanishli barcha tipdagi elektr tarmoqlarini loyihalashtiradigan “O‘zenergoinjiniring” AJ loyiha tashkiloti tashkil etilmoqda.
2019 yil 1 iyuldan:
- quvvati 10 MVtdan ko‘proq energiya iste’mol qiladigan korxonalarni qurish va yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingunga qadar respublika hududlarida joylashtirish Energetika vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi;
- xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyani xarid qilish tanlov asosida hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladi.