1 apreldan O’zbekistondagi mobil qurilmalarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tizimi joriy etiladi. Bu haqda AKT vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2019 yilda Oʻzbekiston mobil aloqa operatorlari respublikaning barcha hududlari boʻylab 3000 ta yangi baza stansiyalarini oʻrnatadi.
Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimining operatori sifatida “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK belgilangan boʻlib, mazkur korxona negizida mobil qurilmalarni hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tizimi oʻrnatildi.
Mazkur tizim Oʻzbekistonning barcha GSM-operatorlari tarmoqlariga ulangan boʻlib, ular oʻrtasida “onlayn” rejimida oʻzaro maʼlumot almashish imkonini beradi. Shuningdek, tizim import qilinadigan mobil qurilmalarning registratori vazifasini bajaradi.
1 apreldan boshlab Oʻzbekiston GSM-operatorlari tarmoqlarida foydalaniladigan barcha mobil qurilmalarning avtomatik tarzda roʻyxatga olish amalga oshiriladi. Qurilmani avtomatik roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun haq olinmaydi.
Mahalliy GSM-operatorlar tarmogʻida oʻzining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi — roʻyxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish va qurilmani roʻyxatdan oʻtkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:
- Kontrafakt qurilmalarni — yaʼni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani.
- Oʻgʻirlanganlik yoki yoʻqotganlik sababidan “qora roʻyxat"ga kirib qolgan qurilmani.
- Bojxona nazoratidan oʻtmagan qurilmalarni.
Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini toʻgʻriligini — UZIMEI.UZ tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.
Hisobga olish va roʻyhatdan oʻtkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini oʻrnatishga, qolaversa, oʻgʻirlangan yoki yoʻqolgan abonent qurilmalari roʻyxati almashinuvini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.
Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:
- abonent qurilmalaridan foydalanish yoki oʻgʻirlangan qurilmalar bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish va aniqlash;
- Oʻzbekistonga noqonuniy, kontrabanda yoʻl bilan abonent qurilmalarini olib kelinishini cheklash;
- xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini taʼminlashga yordam berish;
- xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sogʻligʻi himoyalash;
- kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobatni taʼminlash.
Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida oʻgʻirlangan yoki yoʻqolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, Oʻzbekiston hududida va aksincha GSMA ga aʼzo kompaniyalar tarmoqlarida Oʻzbekiston Respublikasining “qora roʻyhati"ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni boʻlmaydi.