2019 yilning mart oyi davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari o’rtacha 1,2%ga ko’tarildi. Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-mart oylarida iste’mol bozoridagi tovar va xizmatlar narxi 4,3%ga qimmatlashdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari 1,5%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8%ga oshdi. Xizmatlar esa oy davomida 1,2%ga qimmatlashdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
2019 yilning yanvar-mart oylarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o’sishi va ularning umumiy INIga ta’siri darajasi oydan-oyga pasayib borgan (yanvar oyida 80,0%, fevralda 55,7% va mart oyida 54,3%).
O’tgan yilning dekabr oyiga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar narxlarining o’zgarishi va ularning umumiy INIga ta’siri bo’yicha ham o’tgan oyga nisbatan hisoblanadigan qisqa muddatli o’zgarishlar holatni takrorlaydi (oziq-ovqat mahsulotlari ta’sir darajasi 80,0%dan 65,1%gacha pasayib, xizmatlar ta’siri esa 6,7%dan 11,6%gacha ortgan).
Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining 1,5%ga qimmatlashganligi umumiy INI ko’rsatkichining 0,6 f.d.da oshishiga sabab bo’ldi. Oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning o’sishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot hamda sut mahsulotlari guruhiga tegishlidir.
Yil boshiga nisbatan umumiy hisobida meva-sabzavot mahsulotlari uch oy davomida 17,7%ga, jumladan, mevalar 21,9%, sabzavotlar 20,5% va kartoshka 1,3%ga qimmatlashgan.
Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar
O’tgan davr mobaynida nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari o’sishi ta’siri dinamikasi bir maromda kechmagan (yanvar oyida 13,3%, fevral oyida 32,9%gacha ko’tarilib, mart oyida 23,7%gacha pasaygan). Xizmatlarning ta’sir ulushi esa doimiy ravishda o’sib borgan (yanvar oyidan mart oyigacha 6,7%dan 22,0%gacha).
Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining ta’siri hissasi yanvar oyida 13,3%, fevralda 22,2%, mart oyida 23,3%ni tashkil etgan. Mart oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining 0,8%ga qimmatlashishi, yig’ma INIning oy davomidagi o’sishiga 0,3 f.d.da ta’sir etdi.
Joriy yilning mart oyida birmuncha yirik salmoq vaznga ega asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari guruhi orasida shaxsiy gigiyena mahsulotlari (2,1%), kiyim-kechak (1,7%) va oyoq kiyim (1,3%) narxlarida asosiy o’sish ko’rsatkichlari qayd etilgan.
Avtomobillar uchun yoqilg’i narxlari oy davomida o’rtacha 0,3% (propan 1,5%, metan 0,3%)ga arzonlashgan.
2018 yilning mart oyidan 2019 yilning mart oyigacha uy-joy kommunal (25,3%) hamda ta’lim xizmatlari (23,1%) narxlari boshqa turdagi xizmatlarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi.