Adliya organlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan nol darajadagi toqatsizlik e’lon qilindi va idoraviy dastur qabul qilindi, xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Davlat xizmatlari Agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2019 yil 1 aprel holatiga jami 1 318 ta “sirli mijoz” hamda 7 732 ta profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Natijada DXM xodimlarining 621 tasi ogohlantirildi, 116 tasiga xayfsan, 63 tasiga jarima intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda 68 tasi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Shu kunlarda vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus dastur qabul qildi. Dasturda adliya organlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab qo‘yildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi tuziladi. Adliya vazirligi qoshida tuziladigan ushbu Kengash korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturning ijro etilishini nazorat qilib boradi.

“Mansabdorlarning faoliyati baholab boriladi. Adliya organlari va muassasalarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarining qay darajada bajarilayotgani baholab boriladi, buning uchun maxsus baholash tizimi joriy etiladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, xodimlarning faoliyatini jismoniy va yuridik shaxslar onlayn tartibda baholab borishi, o‘zlarining korrupsiyaga qarshi masalalar bo‘yicha shikoyat va takliflarini yuborishlari uchun sharoit yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, korrupsiya holatlari haqida xabar berganlar mukofotlanadi. Adliya organlari va muassasalari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tartibi joriy etiladi.

Video va audio yozuvlarga ruxsat beriladi. Avval ma’lum qilinganidek, adliya organlari va muassasalari ma’muriy binolarida (notariat idoralari, davlat xizmatlari markazlari, Intellektual mulk agentligida) ish jarayonini fuqarolarga video va audioga yozib olish huquqi beriladi.

Uzun navbatlar tartibga olinadi. Davlat notarial idoralari va Davlat xizmatlari markazlarida elektron navbat, shuningdek davlat notarial idoralari va davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiluvchilar tomonidan ko‘rsatilgan xizmat sifatini baholash tizimlari joriy etiladi.

Shunindek, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalarining attestatsiyasi onlayn namoyish etiladi. Toshkent davlat yuridik universitetidagi yakuniy davlat attestatsiyasi jarayoni onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetda translyatsiya qilinadi.