Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va avtoraqamlar berishning mutlaqo soddalashtirilgan va korrupsiyasiz mexanizmini taklif qiladigan loyihani jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi, xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi.

Loyihaga ko‘ra, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va avtoraqam berish xizmati tajriba tariqasida 2019 yil 1 maydan boshlab, Toshkent shahrida Ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Bunda, markazlar orqali quyidagi toifadagi avtotransport vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda:

  • O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va xorijdan keltirilgan yangi avtomototransport vositalari;
  • notarial oldi-sotdi shartnomasi asosida mulkdori o‘zgargan ikkilamchi avtotransport vositalari.

Avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun fuqarolardan faqatgina pasport va mulk huquqini e’tirof etish hujjati (avtosalonlardan beriladigan hisob-ma'lumotnoma, bojxona deklaratsiyasi yoki oldi-sotdi shartnomalaridan biri) taqdim etiladi. Xizmat ko‘rsatish vaqti — 1 soat.

Endilikda avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etilmaydi.

Davlat xizmatlari markazlari avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda maxsus elektron tizim orqali avtosalonlar tomonidan berilgan schyot-spravkalar hamda bojxona organlari tomonidan berilgan bojxona deklaratsiyasi ma’lumotlariga asoslangan holda avtotransport vositasini ko‘zdan kechirmasdan ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Fuqarolar avtomashinasini ro‘yxatdan o‘tkazish va avtoraqam olish uchun Markazlarga avtotransport vositasi bilan kelishi ham shart emas.

Avtoraqamlar — korrupsiyasiz

Endilikda avtoraqamlar korrupsiyaning oldini olish maqsadida maxsus elektron tizim orqali inson omilining aralashuvisiz to‘liq avtomatik tarzda tanlash orqali taqdim etiladi.

Har bir ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqamlar Markaz binosidagi yirik interaktiv ekranda ochiq ko‘rinishda aks ettiriladi va real vaqt rejimida yangilanib boriladi.

Xuddi shuningdek, auksion orqali beriladigan avtoraqamlar toifasiga kirmaydigan ayrim xaridorgir raqamlarni (jumladan, “ko‘zgu” shaklidagi, masalan 212, 343, 717 vahokazo) orttirilgan stavkada taqdim etish nazarda tutilmoqda.

E’tiborli jihati, bunda ham korrupsion xavfni nol darajagacha kamaytirish maqsadida ushbu toifadagi raqamlar ham qo‘shimcha to‘lov evaziga avtomatik tarzda elektron tizim orqali tanlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ya’ni, fuqaro xaridorgir raqam uchun eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdoridagi qo‘shimcha to‘lov amalga oshirsa, unga 1X1 — 9X9 toifadagi ko‘zgusimon raqamlardan (jami 72 ta) biri inson omilining aralashuvisiz elektron tizim orqali tanlab beriladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 28 aprelga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.