Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari Namangandagi ayrim MCHJlar tomonidan tovarlarni bojxona to‘lovlaridan chetlab olib o‘tishga urinish holatlarini fosh etishdi.
Jumladan, Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan MCHJlardan biri nomiga xorijdan olib kelingan va bojxona to‘lovlaridan salkam 934 million so‘m miqdorida bojxona imtiyozlarini qo‘llagan holda rasmiylashtirilgan tovarlar qayta nazoratdan o‘tkazildi.
Natijada, imtiyoz qo‘llanilib olib kirilgan tovarlarni jamiyat direktori I.T. fuqaro K.I.ga berib yuborganligi ya’ni tovarlardan maqsadli foydalanilmaganligi, shuningdek ishchilar ro‘yxatida ko‘rsatilgan fuqarolar mazkur jamiyatda ishlamaganligi fosh qilindi.
Shuningdek, viloyatdagi xususiy korxonalardan yana biri nomiga xorijdan olib kelingan tovarlarga 170,3 million so‘m bojxona imtiyozi qo‘llanilib rasmiylashtirilgan. Biroq tekshiruv jarayonida imtiyoz asosida olib kirilgan tovarlar maqsadli tarzda ishlatilmasdan, korxona direktori I.R. tomonidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab sotib yuborilganligi ma’lum bo‘lgan.
Yana bir holatda, viloyatdagi MCHJlardan birining nomiga xorijdan olib kelingan tovarlar 370,5 million so‘m miqdorida bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan holda rasmiylashtiriladi. Lekin tekshiruv paytida imtiyoz asosida olib kirilgan tovarlar jamiyat direktori T.N. tomonidan fuqaro A.S.ga o‘zboshimchalik bilan berib yuborilganligi aniqlandi.