Prezident qaroriga binoan 2019 yilda ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari ro‘yxati ma’qullandi.

Ro’yxatda Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo’lining qurilishi belgilangan.

Loyihani amalga oshirishda Transport vazirligi, Toshkent va Namangan viloyatlari hokimliklari, DXSh agentligi mas’ul etib belgilangan bo’lib, 2019 yil iyun oyida Jahon banki bilan konsultatsiya xizmatini ko’rsatish bo’yicha bitim tuziladi.

Loyiha konsepsiyasi 2020 yil aprel oyida ma’qullangandan so’ng, uni amalga oshirishda ishtirok etuvchilarni baholash va saralash jarayoni bo’lib o’tadi.

Tender g’olibi 2020 yil dekabrda e’lon qilinib, yo’l qurilishi 2021 yil avgust oyida boshlanadi.

Dekabr oyida O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi hukumat qarori qabul qilingan edi. Qarorda investorlar va tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida pullik magistral yo‘llar qurish uchun yo‘l va yer uchastkalari berilishi belgilangan.

Ilgari Spot Qozog’iston va Chimyon yo’nalishi bo’yicha pullik yo’llarni qurish rejalashtirilayotgani, deputat Sergelidan shahar markazigacha pullik yo’l qurishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.