Prezident 30 aprel kuni Sariosiyo tumanidagi To‘polang gidroelektr stansiyasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yerda har biri 15 megavatt bo‘lgan ikkita agregat ishlab turgan edi. davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq, avvaliga To‘polang suv ombori to‘g‘oni 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Ayni paytda jami quvvati 145 megavattli yana ikkita agregat o‘rnatish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, har biri qariyb 38 megavatt bo‘lgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik gidroelektr stansiyalari ham barpo etilyapti. Shu tariqa energiya olish quvvati jami 250 megavattga yetkaziladi.
Ahamiyatlisi shundaki, bu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchandir. Ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda barqaror energiya ishlab chiqarilib, sanoat korxonalari, turli idoralar va aholiga yetkazib beriladi.
“Kelgusida Surxondaryo gidroenergiya hisobidan bemalol iqtisodiyotini ta’minlasa bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident suv omborlari to‘g‘onlarini mustahkamlash va doimiy nazorat qilish, xavfsizligini ta’minlash, ilmiy ishlanmalar asosida ulardan foydalanish koeffitsentini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.