Prezident qaroriga binoan O’zbekistonda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish kengaytiriladi.
Qarorga muvofiq, Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish maqsadida endilikda muntazam ravishda sanoat yarmarkalari o‘tkaziladi.
Hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishning muhim vositasi sifatida elektron kooperatsiya portalining faoliyati tashkil etiladi. Unda sanoat mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalarini masofadan tuzish imkoni beriladi.
Shu jumladan, texnoparklar va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, davlat xaridlari tizimi orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun barqaror talabni shakllantirishni nazarda tutadigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiriladi.
2019 yil 1 iyuldan:
- davlat buyurtmachilari tomonidan import tovarlarni xarid qilish to‘g‘risidagi istaklar davlat xaridlari maxsus axborot portalida ham joylashtiriladi;
- uch yoki undan ortiq ishtirokchilar — mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lgan taqdirda davlat xaridlari buyurtmachining tanloviga ko‘ra mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida amalga oshirilishi mumkin;
- buyurtmachilarga Ro‘yxatdagi mahsulotlarni xarid qilishda investorga, sifat bo‘yicha, kelishilgan texnik va narx ko‘rsatkichlariga amal qilish sharti bilan, yetkazib berish vaqtidan boshlab ikki yil davomida mahsulotning davlat xaridlari tizimi orqali sotib olinishiga kafolat taqdim etuvchi maxsus kontraktlarni tanlov tartib-taomillari orqali tuzish huquqi beriladi.
Ilgari Spot prezident sanoatni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab bergani, “Toshkent mexanika zavodi” AJning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va hududi negizida texnopark tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.