1 martdan 1 iyulga qadar Toshkentda onlayn-kassa apparatlarini joriy etish bo’yicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda poytaxtning 100 ga yaqin korxonalari ixtiyoriy ravishda tizimga ulangan. Hozirda korzinka.uz va Makro supermarketlar tarmog’i, shuningdek, bir qator dorixonalarni ulash masalasi hal qilinmoqda.
Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi raisining o’rinbosari Xotambek Shokirov 30 aprel kuni bo’lib o’tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Onlayn-kassa apparatlarini ishlatayotgan tadbirkorlarga yangi imkoniyatlarni taqdim etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Loyihaga qo’shilgan savdo nuqtalari uchun bankga onlayn-kassa chekida ko’rsatilgan summaga teng miqdorda mablag' qo’ymaslik imkoni taklif etiladi.
Davlat soliq qo’mitasi raisi o’rinbosari so’zlariga ko’ra, ayrim tadbirkorlar o’zlariga bog’liq bo’lmagan holda chekni bermaydilar:
“U [tadbirkor] ba’zi holatlarda chek bera olmaydi, chunki u mollarni naqd pulga sotib olgan, kirim yo’q, bunday tovarlarni qayd qila olmaydi. Chekni topshirgandan so’ng, tadbirkor keyinchalik qaytarib ololmaydigan [naqd holda] aylanma mablag’larini bankga topshirishi kerak. Tadbirkorlar halol ishlashni istaydilar, ammo har doim ham bunday imkoniyat yo’q”, — deydi Xotambek Shokirov.
Davlat soliq qo’mitasi joriy etishni taklif qiladigan yangi tartib ushbu muammoni hal qilish uchun mo’ljallangan.
Tashkilot imtiyozlar orqali inkassa qilinmagan pullarni tovarlar xarid qilish va keyinchalik realizatsiya qilishda foydalanishi mumkin.
DSQ qoshidagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi direktori Hayotjon Nasrulloyev Spot muxbiriga bergan intervyusida, tadbirkorlar onlayn-kassalarni joriy etishda qo’shimcha moliyaviy yukdan ozod etilishini ta’kidladi.
Xususan, kompaniyaning soliqqa tortiladigan bazasidan uskunani sotib olish bilan bog’liq xarajatlarni ayirish taklif etiladi.
Qo’mita nafaqat sotuvchilarni, balki xaridorlarni ham rag’batlantirmoqchi. Har bir xarid uchun chekni talab qilishni rag’batlantirish uchun jismoniy shaxslarga daromad solig’i bo’yicha chegirmalar berishni rejalashtirilmoqda. Buning uchun iste’molchi to’plangan cheklarni maxsus mobil ilova orqali ro’yxatdan o’tkazishi kerak bo’ladi.
Bundan tashqari, har oyda lotereya o’ynash taklif etiladi, unda har bir noyob kodli chek lotereya chiptasi hisoblanadi.
Qayd etishlaricha, tadbirkorlar o’zlariga qulay bo’lgan har qanday qurilma orqali tizimga ulanishlari mumkin. Onlayn-kassa apparatlari sifatida internetga ulangan har qanday qurilma — mobil telefondan yoki planshetdan foydalansa bo’ladi. Bunda QR-kodni chop etish imkoniyati bo’lgan printerga ega bo’lish yetarli, chunki onlayn-kassaning har bir cheki noyob kodga ega.