Anastasiya Li bilan Spot uchun Madina Ro‘zmatova suhbatlashdi va eksklyuziv savollar berdi.
Muallifdan: Bu suhbatni men kutgandim, chunki kovorking-markazni yopganlarida juda hafa bo‘lgandim. Turli mish-mishlar yurardi, go‘yo maxsus xizmat guruhi kelib hammani bo‘limga olib ketgan, muassasa egalarining jiddiy muammolari bor emish. Keyin u ochildi va yana yopildi. Biroq savollar javobsiz qoldi.
Men bunday muloqotlarda kam savol beraman, ammo senga savollarim talaygina. Shuning uchun istasang javob qaytarishing, istamasang qaytarmasliging mumkin bo‘lgan savollar bo‘ladi, biroq, mening nazarimda seni tanigan va markazda bo‘lgan barcha odamlarda ochiq qolgan savollar bor. Sen bu ruknda ishtirok etayotgan birinchi qizsan, shuning uchun juda urf bo‘lgan mavzudan boshlaymiz. Ayollar biznesda muvaffaqiyatsizlikka ko‘p uchraydi.
Biznesda hamma ham muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin. Erkaklar qanchalik muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ayollar ham shuncha uchrashi mumkin. Senga batafsil javob beraymi yoki qisqachami?
To‘g‘risi
Men bu narsa odamning jinsiga bog‘liq emas, deb hisoblayman. Feminizm hozir urf bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Men bor kuchim bilan bundan nari bo‘lishga harakat qilaman.
Nega?
Chunki men ayol va erkaklarning tengligi tarafdoriman. Va men erkaklarga nisbatan ham ko‘p adolatsizliklarni ko‘ryapman. Erkaklarning huquqlari ham buzilib turadi.
Yaqinda menga shunday savol berishdi: “Siz kimni ishga olishni afzal ko‘rasiz, erkaknimi yoki ayolnimi?”. Ochig‘i, menga baribir. Agar mening ko‘nglimdagidek ishlay olsang, ish seniki.
Men “ha, chunki dunyoda ayollar hukumatda, ta’limda, tibbiyotda ko‘p bo‘lishini istayman, keling, ularni olg‘a harakatlanishga boshlaylik!” deya olmayman. To‘g‘ri, bu moda, biroq, men agar ayol munosib bo‘lsa, u erishadi, deb hisoblayman. Har kim o‘z “zamoni” uchun kurashishi lozim.
Ha, nuqson-kamchiliklar bor, ayollarni qo‘llab-quvvatlash hududlar uchun dolzarb bo‘lishi mumkin, biroq keng ko‘lamda olib qaraydigan bo‘lsak, huquqlar uchun kurashishda ma’no yo‘q. Agar o‘zing harakat qilmasang, ayol bo‘lasanmi, erkak bo‘lasanmi, hech narsaga erisha olmaysan.
Sen faqatgina qiz bola bo‘lganing uchun qandaydir qiyinchiliklarga duch kelmaganmisan?
Yo‘q, aytishga arzigulik emas. Bir tarafdan bu — ehtimol, mening omadimdir. Ikkinchi tarafdan — bu mening ongli tanlovim, men ayollarga noxolis munosabatda bo‘ladigan odamlarni (pudratchilar, mijozlar, do‘stlar) qat’iyan rad etaman.
Menda til bilmaslik bilan bog‘liq muammolar bor edi. Ya’ni rusiyzabonman va o‘zbek tilini bilmaganim uchun qiyinchiliklar bo‘lgan. Ammo, qiz bola bo‘lganim tufayli muammolarga duch kelmaganman.
Sening eng shov-shuvli mag‘lubiyatingga kelaylik. Sen o‘zing uni xatto TChK deb atading. Toshkentdagi birinchi kovorking-markazni yopishdi…
Ha, ikki marta.
Foto: kompaniya arxividan
Mish-mishlarga ko‘ra uni huquq-tartibot organlari yopishgan emish. “Niqobli-shou”, qora niqobli odamlar kelishganmish, juda qo‘rqinchli…
Yo‘q, hech qanday bosib olish guruhi bo‘lgan emas, hammasi tinch-osoyishta o‘tdi. Biroq birinchi marta haqiqatan ham organlar yopdi. Biz markazni ochgandan keyin sakkiz-to‘qqiz oy ishladik, keyin prezident saylovi davri boshlandi, o‘shanda huquq-tartibot organlari xodimlari aralashgandi, ular shunchaki biz nima qilayotganimizni tushunishmagandi.
Biz odamlarni to‘playmiz, shu bilan birga spirtli ichimliklar sotmaymiz, shou tashkil qilmaymiz, biroq, negadir hamma keladi. Shuning uchun tushunarli sabablarga ko‘ra g‘alati ko‘ringanimiz tabiiy.
Hozir Facebookda postlar yozasan va odamlar ham tashrif buyuradi, birov birovga tegmaydi. Afsuski, ilgari muloqot amaliyoti bo‘lmagan. Bizni chaqirishlari va nima bilan shug‘ullanayotganimizni, nima uchunligini tushuntirib berishimizni so‘rashlari mumkin edi. Muassasani yopish osonroq bo‘lgan. TChKni yopishgan.
Qonuniy sabablari bormi?
Yo‘q. Mutlaqo bo‘lmag‘ur sabablar bilan. Buning ustiga bichib-to‘qilgan qalbaki narsalar. Bizga kovorkerlar (kovorking-markazda o‘z ishi uchun joyni ijaraga olganlar) o‘z yeguliklari bilan kelishardi. Yeguliklari muzlatgichda saqlanar, bizda mikroto‘lqinli pech ham bor edi.
O‘shanda muzlatgichdan armancha karam topib olishdi, keyinroq undan qandaydir qo‘rqinchli ichak zamburug‘i borligi aniqlandi, go‘yo u odamlarni o‘ldirishi mumkin emish. Karamni kovorkerlardan biri olib kelgan, men uning kimligini ham bilmayman.
Karam meniki emas. Kovorking — meniki. Shuning uchun menga ish ochishdi, keyinroq u jinoiy ishga aylandi…
Foto: kompaniya arxividan
Sen vaziyatni tushuntirishga harakat qilmadingmi?
Men ikki oy turli tumanlar prokuraturalariga bordim va bu holatni tushuna oladigan biron odamni qidirdim. Men nima bo‘lganini, odamlarga hech qanday karam sotmaganimni, u meniki emasligini, umuman kovorking nima ekanini tushuntirishga harakat qilganimda xatto ustimdan kulishdi. Hech qanday muloqot bo‘lmadi.
Keyin sen yana markazni endi umumiy ovqatlanish muassasasi sifatida ochding.
Ha, biz hech qachon restorator bo‘lishni istamaganmiz, biroq, o‘zimizga nisbatan tug‘ilgan gumonlardan xoli bo‘lish uchun bu ishni qildik. Biz spirtli ichimliklar qo‘ydik, endi sershovqin davralar to‘planadigan bo‘ldi. Reydlar tugadi. Biroq, yangi ko‘rgilik boshlandi, 23.00 dan keyin odamlarni ichki ishlar bo‘limiga olib keta boshladilar.
O‘sha vaqtda bu narsa qandaydir xavfsizlikning umumiy chorasi bo‘lgan, biroq, vaziyat ba’zan juda g‘alati tus olar edi. Ofitsiantlarimiz chiqindilarni tashlashga borganlarida ularni har kecha avtozakka olib borishardi. Ular axlatxonaga ham pasport bilan berkinib borardilar. Bu ham tashvish keltirardi.
Foto: kompaniya arxividan
Bundan himoyalanishning iloji yo‘q edi.
Ehtimol, bunga tayyor bo‘lganlar bardosh berdilar. Buni yo‘qotishsiz bartaraf etgan restoratorlarga katta hurmatim bor. Bizga esa buni boshdan kechirish xatto ma’naviy jihatdan ham og‘ir bo‘lgandi. Men ko‘rgan zararlarimiz, yo‘qotilgan pullarimiz haqida gapirib o‘tirmayman…
Siz keyin qandaydir loyihalarni yo‘lga qo‘yishga harakat qildingiz: “Lanchboks” (ofislarga tushlik yetkazib berish xizmati), “O‘zimga o‘zim oshpazman” (uyda yegulik tayyorlash uchun to‘plamlar yetkazib berish servisi). Ular ham barbod bo‘ldimi?
Biz ko‘proq kunduzi ishlashga harakat qildik, chunki, oqshomgi 10 da mehmonlarni chiqarib yuborish lozimligi bilan bog‘liq doimiy asabiylik tartibida ishlay olmas edik.
Buning ustiga mening investorlar oldidagi majburiyatim bor edi. Shu sababli biz TChKni saqlab qolish uchun nimadir qilishga urindik.
“Lanchboks” keyinchalik TChK yopilgandan keyin qandaydir muddat ichida faoliyat olib bordi. Investitsiyaga harakat qildingizmi? Siz uni boshqa odamga sotgan edingiz shekilli?
Sotganimiz yo‘q, berdik. Bu juda yaxshi loyiha bo’lib, biz uni sidqidildan ishlab chiqqan edik. Shuning uchun Umid (Mirzaaxmedov (restorator, loyiha berilgan vaqtda Bruno qahvaxonalari tarmog‘i egasi) bizga chiqqanida bu ish uning qo‘lidan keladi, loyiha rivojlanishda davom etadi, degan qarorga keldik.
Biroq oqibatda u baribir yopildi.
To‘g‘ri, chunki shunchaki mazali taom tayyorlashning o‘zi yetarli emas edi. Bu yerda boshqacha biznes-model kerak edi.
Okey. Sen TChK o‘z vaqtida ochilmagan edi, deya olasanmi?
Bir tarafdan — ha. Hozir uni yo‘lga qo‘yish ancha oson bo‘lgan bo‘lardi. Biroq! O‘sha vaqtda menga bu loyiha kerak edi. Men O‘zbekistonga ko‘p yillik ayriliqdan keyin qaytdim, yetti yil bu yerda bo‘lmadim.
TChK — bu biznes-mag‘lubiyat, chunki biz uni bugun ham ishlashi uchun rivojlantira olmadik. Biroq men uchun aynan TChK shunday poydevor bo‘ldiki, uning sharofati bilan Anastasiya Li hozir sen bilan suhbatlashib o‘tiribdi.
Endi Alisherdan ham so‘rab ko‘ramizmi? (suhbatga TChKning ikkinchi egasi, hozirda DBL prodakshn-kompaniyasi rejisseri va kofaunder, biznes hamkor Alisher Seytniyazov qo‘shiladi, Anastasiya Li bilan birga).
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Alisher: U bozor uchun noqulay, ammo biz uchun juda vaqtida ochildi. Shu jumladan men uchun ham. TChKsiz DBLA vujudga kelmagan bo‘lardi.
Nastya: To‘g‘ri!
TChKning barbod bo‘lgani senga qimmatga tushdi.
Nastya: Shaxsan men uchun ko‘p vaqt, sa’y-harakat, asab demakdir. Men o‘sha vaqtda avvalgi, TChKgacha bo‘lgan loyihamga o‘zimning hamma pulimni kiritib qattiq kuydim.
Bu qanday loyiha edi?
Nastya: Hozir gapirish urf bo‘lganidek, startapcha edi. O‘shanda u “voh” deydigan narsa emasdi, biroq men onlayn-mahsulotga kirishgandim. Onlaynda lokatsiyalar bo‘yicha ma’lumotnoma, dastlabki qandaydir map va GPS-ishlanmalar, bu ko‘p yillar avval edi. O‘sha vaqtda u Qirg‘iziston va Qozog‘istonda muvaffaqiyat bilan ishga tushdi. O‘zbekistonda mahsulot yo‘q edi va mening miyamga bu yerda uni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi keldi.
Bunga mablag‘ kiritishni men Qirg‘izistonda boshladim va o‘sha vaqtda bu juda yaxshi investitsiya bo‘lib ko‘ringandi. To‘g‘ri, men Toshkentda turib bu yerga qaytib kelganim tufayli ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyatimni yopganlari uchun pulimni qaytarib ololmasligimni va umuman mahsulot bilan ishlay olmasligimni hisobga olmagan ekanman.
Umuman Toshkentda bu qanday yuz berdi?
Mening hamkorim bor edi, bizga ishlanmachilar jamoasi taklif bilan chiqishdi va biz bu loyihani O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. Mahsulot yaxshi sotildi, rivojlandi va xatto o‘sha vaqtda O‘zbekistondagi eng ko‘p yuklab olinadigan ilovalar top-10 taligiga kirdi.
To‘g‘ri tushunish kerak, o‘shanda na Google, na “Yandeks” bizning mamlakatimizga xatto qayrilib ham qaramagan edi. Loyiha logistik kompaniyalar, biznes uchun qiziqarli bo‘lib qoldi. Aytmoqchi, Alisher bilan shunday tanishgandim.
Sen uning yoniga mahsulotingni sotish taklifi bilan kelganmiding?
Alisher: Ha (kuladi). Uning xatto taqdimoti, suratlari ham bor edi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Demak, u loyihani ham yopgansan.
Nastya: Ha, Chunki qizig‘i qolmagandi. Men yana kimgadir ishlayotganek bo‘lib qoldim, buni esa boshidan xohlamaganman. Keyin kovorking bilan bog‘liq g‘oya tug‘ildi. Men suratlarim va yangi taqdimotimni olib g‘oya haqida so‘zlab berish uchun Alisherning yoniga bordim.
Alisher: kuladi.
Har qalay, Nastya, muvaffaqiyatsizliklaring senga qanchaga tushdi?
Nastya: Agar TChK haqida gapiradigan bo‘lsak, 200 ming $ atrofida. Bu uni ikki marta ishga tushirishga ketgan umumiy mablag‘. Uni yopish uchun ham ko‘p pul sarflashimga to‘g‘ri keldi. Yana oxirgi qolgan-qutgan harajatlarni shaxsan o‘z pulim bilan yopdim, bu tahminan yana 10 ming $.
Bular ehtimol shaxsan mening o‘zim yo‘qotgan pullar. Qolgan qismini Alisher va bizning ikkinchi hamkorimiz Bobir Oqilxonov (Billur.com xosting-kompaniyasi hammuassisi, Plov.com investori, KupiOtpusk va Blockcrunch Capital xolding kompaniyalari asoschisi) kiritdi.
Unda… Alisherga savol beramiz. Nastyaning xatolari senga qagchalik qimmatga tushdi?
Alisher: Ular bizning umumiy xatolarimiz edi.
Biznes boshlayotganda tavakkal va xatarlar ham umumiy bo‘ladi. Kim mablag‘ kiritdi, kim mehnat, asab va tajriba — ahamiyatsiz. To‘g‘ri yo‘qotdik. Biroq yakunida ancha ko‘p daromad ham qildik.
Jinoiy ish bilan bog‘liq voqea, arman karami tufayli suddan keyin sizlar TChKni yopishga qaror qildinglar.
Alisher: Yodimda, mening miyamga biz go‘yo murdani tiriltirishga urinmayapmizmi, degan fikr keldi. Bu loyiha hech kimga kerak bo‘lmay qolgandi, na bizga, na bozorga. Va biz borgan sari ko‘proq yo‘qotayotgandik. Biz harakat qildik, mamlakatni “kovorking” tushunchasi bilan tanishtirdik. Ohir-oqibat, organlarga, yakunda bu qanday ishlashini anglatdik. Ikki yildan keyin “har bir viloyatda kovorking bo‘lishi” haqida davlat darajasidagi shiorlarni eshitish juda yoqimli bo‘ldi.
Nastya: Mirobod tumani prokuraturasida esa “kovorking” so’zi o‘sha yili juda qadrdon bo‘lib qoldi (xo‘rsinadi va kuladi)
Foto: kompaniya arxividan
Agar TChK bo‘lmaganda, DBLA ham bo‘lmasdi.
Nastya: Mutlaqo to‘g‘ri. DBLA TChK bilan yuz bergan holat bo‘lmaganda chindan vujudga kelmasdi. TChK tufayli bizning juftlik shakllandi. Usiz hozir yuz berayotgan narsalar bo‘lmasligi aniq edi.
Alisher: Biz nafaqat tajriba oldik, balki bir-birimizni ham topdik. Mayli, bunga 200 ming $ sarflagan bo’lsak ham hechqisi yo‘q.
Nastya: To‘g‘risini aytganda, hozir bizga ijodkor, kreativ odamlarni to‘plash uchun TChK shaklidagi maydon yetishmayapti. Biz har qanday holatda eksperiment o‘tkazish va yetuk odamlarni birlashtirish uchun biror joy tayyorlaymiz.
Men odatda maqola yozayotganimda munosabatlar haqida hikoya qilishni yoqtirmayman, bu menimcha, ko‘proq “Uy 2” va yaltir-yultur to‘g‘risida bo‘ladi. Biroq sizlar biznes-juftlik hamsizlar, so‘ragim kelyapti. Qanday qilib shaxsiy munosabatlarni umumiy biznes bilan birlashtirish mumkin?
Nastya: Hmm, aslida bu tabiiy holat, bunday voqealar rejisser va prodyusser o‘rtasida uchrab turadi. Negaki, sen prodakshnda bo‘lmasang, sevimli kishing nega bir necha kunlab yo‘q bo‘lib ketadi, qandaydir kerak damlarda nega sening yoningda emasligini tushunishing juda qiyin bo‘ladi.
Bunday juftliklar birgalikda ajoyib narsalar qilganlari va shu bilan birga qoyilmaqom juftlik bo‘lib qolganlari haqida turli misollar bor. Buning ustiga bizning Alisher bilan fikrlashimiz ham turlicha.
Agar menga operatsiya qismida ishlash, biznes va menejment nuqtai nazaridan jarayonni boshqarish yoqsa, unda ijodga, g‘oyalarni amalga oshirishga nisbatan o‘z qarashlari mavjud. Men esa bunga umuman aralashmayman, chunki unga ko‘proq ayon ekanligini tushunaman.
Biz besh yildan beri birgamiz, bizda, menimcha, uch yildan keyin tanglik davri bo‘ldi. Bu aynan TChK yo‘q bo‘lgani bilan bog‘liq bo‘lgandi.
Sen hayron bo‘lasan, biroq biznes tanazzulga yuz tutganidan keyin biz kalovlab qoldik. Biz go‘yo filmlardagi kabi qandaydir rolni o‘ynadik va kino tugagandek edi. Tushunarsiz bo‘ldi, biz esa birga edik, chunki TChK bor edi yoki biz bir-birimizni haqiqatan sevamizmi?
Alisher: Biz ohir-oqibat biznes aslida sababdan ko‘ra ko‘proq munosabatlarimiz, hamkorligimiz natijasi ekanini tushundik.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
TChKni yopish ma’nan juda qiyin bo‘lgandi.
Nastya: Menga ha. Menda aybdorlik hissi kuchli edi. Menga ularni men bu ishga boshlagandek tuyulardi va nafaqat loyihani balki ularning umidi, orzularini ham barbod qildim, deb o‘ylardim. Bu juda og‘ir bo‘lgandi.
Endi men javobgarlik hamma uchun ekanini bilaman. Men ham ulardan kam pul yo‘qotganim yo‘q. Huddi ular kabi vaqt va kuch sarfladim.
Biroq o‘sha vaqtlarda menga juda og‘ir bo‘lgandi. 2017 yilning yanvar, fevral, marti.
Sud seni aybdor deb topdi va senga bu bilan odimlashga to‘g‘ri keldi.
Nastya: O‘zimning qiynalganlarimni juda yaxshi eslayman, meni aniq aybdor deb tan olishdi. Oqibatda. Ikki yil rahbarlik lavozimida ishlashim mumkin bo‘lmadi va yarim yil davomida ichki ishlar bo‘limida ro‘yxatdan o‘tib yurishimga to‘g‘ri keldi.
U yoqqa qanday borganimni eslayman, atrofimda ichkilikbozlar, qotillar, jinoyatchilar. Va men. Keyin amnistiya bo‘ldi, men ayblangan modda ham unga tushgandi. Menga qanday qo‘ng‘iroq qilganlari va bu haqda xabar qilganlarini yaxshi eslayman.
Hozirgi davrda, buni, albatta, tasavvur qilish qiyin, o‘sha vaqtda ham aslida bizga qandaydir qo‘pol xazil bo‘lib tuyulgandi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Mana men hozir sen bilan muloqot qilyapman va o‘ylaymanki, ko‘pchilik fikrlarimga qo‘shiladi, shunday tasavvur yuzaga kelyaptiki, sen kuchli qizsan. Shunaqamisan?
Ma’lum ma’noda, bu men uchun maqtov, to‘g‘ri. Biroq bu o‘rinda tushunish lozimki, men uchun vijdonli bo‘lish va o‘zligini saqlab qolish — bu kuchli bo‘lish bilan barobar emas.
Shunday toifadagi odamlar borki, men ularga shunchaki yoqmayman va ular mening ortimdan qandaydir g‘iybatlar qilishadi. To‘g‘ri, ehtimol, men kuchli qizdirman, men raqobat, sog‘lom poyga (menga “Taxtlar o‘yini"dagi Deyneris Targariyen juda yoqadi) tarafdoriman, axir bu juda yaxshi-ku!
Hozir sizlarda DBLA da yakdil fikrlilar jamoasi bor.
O‘ylaymanki, ha. Biroq bolalar biz bilan uzoqroq ishlashsa tushunarliroq bo‘ladi. Hozir jamoada hech bo‘lmasa bir yil ishlaganlar yo‘q. Xulosa chiqarishga erta.
Orzudagi jamoang qanday?
Nastya: Bilasanmi, bu dream team tushunchasi mening g‘ashimga tegadi. Bizning orzudagi jamoa qanday?
Alisher: Hamma ish qo‘lidan keladigan!
Nastya:. Biz hozir jamoada yuzaga kelgan juda muhim bir mojaroni hal qilayapmiz. Biz uni kreativ bo‘lim va prodakshnga ajratish uchun harakat qilyapmiz. Chunki, avval boshdan ular ikki xil model.
Masalan, ijodkor odamlar bilan ishlash xususiyatini bila turib, men kreativlarga katta erkinlik berishga tayyorman, ish jadvali moslashuvchan. Prodakshnda esa hamma narsa soniyalar bilan rejalashtiriladi. Va shunday yondashuv ham muvaffaqiyatsizlik keltirishi mumkin.
Shunday qilib biz bu ikki yo‘nalishni ajratishni va bundan samarali mexanizm olishni istaymiz. Bu taktika juda taniqli yirik agentliklarga tegishli, biz uni o‘zimizda yo‘lga qo‘yishni xohlaymiz.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Menda turkum maqolalarimning barcha qahramonlariga bitta umumiy savolim bor. U oddiy va siyqasi chiqqan. Men bu haqda so‘raganimda, masalan Sanjar Maqsudov rosa kulgan edi. Shunga qaramay: “Muvaffaqiyatsizlik qimmatga tushadi, biroq…”?
Nastya (pauza): Shunga yarasha tajriba ortadi.