10 may kuni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi rahbariyati Jahon banki vakillari bilan yo’l — transport sohasida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Prezident qaroriga binoan Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirsh agentligi tomonidan 2019 yilda ishlab chiqilishi lozim bo’lgan loyihalar tasdiqlangan. Xozirgi kunda umumiy qiymati 2 mlrd $ bo’lgan 10 dan ko’p loyiha ustida ish olib borilmoqda.

Ilgari Spot xabar berganidek, yo’l-transport tizimida ham keng ko’lamli ishlar boshlangan Jahon banki bilan hamkorlikda Toshkent-Andijon yangi pullik yo’lini qurish bo’yicha loyiha tayyorlanmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Jahon bankining GIF (Global Infrastructre Facility) jamg’armasi tomonidan izlanish granti taqdim qilingan. Joriy yilning 10−16 may kunlari Jahon banki vakillaridan iborat yo’l qurilish bo’yicha ekspertlari tegishli vazirliklarda uchrashuvlar o’tkazadi.

Shuningdek ushbu ekspertlar Toshkent, Namangan, Farg’ona va Andijon viloyatlariga borib mo’ljallanayotgan magistral yo’lini o’rganishadi.

Loyiha konsepsiyasi 2020 yil aprel oyida ma’qullangandan so’ng, uni amalga oshirishda ishtirok etuvchilarni baholash va saralash jarayoni bo’lib o’tadi. Tender g’olibi 2020 yil dekabrda e’lon qilinib, yo’l qurilishi 2021 yil avgust oyida boshlanadi.

Dekabr oyida O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi hukumat qarori qabul qilingan edi. Qarorda investorlar va tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida pullik magistral yo‘llar qurish uchun yo‘l va yer uchastkalari berilishi belgilangan.