Prezident farmoniga binoan Navoiy viloyati hududi keyinchalik belgilangan tartibda muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilanadi.

EIZ sifatida Navoiy viloyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:

  • innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, ilg‘or tajribani joriy etish hamda yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
  • yuqori qo‘shilgan qiymatga ega eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni barpo etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish;
  • Navoiy viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash;
  • kimyo mahsulotlari va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, tabiiy toshlarni qayta ishlash hamda mahalliy xom ashyo va materiallar negizida sanoatning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha klasterlar yaratish;
  • qimmatbaho toshlar va metallarni qayta ishlash sohasida yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
  • viloyat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
  • viloyatning, birinchi navbatda tuman markazlari va yirik aholi punktlarining transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, viloyat hududida yirik logistika markazini tashkil etish;
  • hudud iqtisodiyotining ixtisoslashgan kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash.

“Navoiy” EIZ direksiyasi" davlat unitar korxonasi bir oy muddatda “Navoiy” EIZ direksiyasi" AJga aylantiriladi va EIZlar faoliyatining butun davrida soliqlar to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan Navoiy viloyatidagi korxonalar yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lovidan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Ilgari Spot prezident Navoiy viloyatini investitsiya va innovatsiyalar hududiga aylantirishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.

“Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki berish maqsadida, bu yerda shunday eng qulay va jozibador biznes muhitini yaratish kerakki, nafaqat mahalliy aholi, balki boshqa viloyatlar aholisi ham bu yerga kelib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga intilsin. Endi Navoiy viloyati — tadbirkorlar viloyati bo‘lishi kerak”, — degan edi davlat rahbari.