Davlat Soliq qo’mitasi tomonidan prezidentning “O'zbekiston respublikasining soliq tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida"gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Loyihaga ko’ra soliq tizimida quyidagi tartiblarni o’rnatish taklif etilmoqda:
2019 yil 1-maydan:
- yagona yer solig’i to’lovchilari ixtiyoriy ravishda qo’shilgan qiymat solig’ini to’lashga o’tish huquqiga ega;
- QQSni to’lashga o’tuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu soliqni to’lovchi sifatida davlat soliq xizmati organida majburiy ro’yxatdan o’tkazilishi lozim;
- QQSni to’lashga o’tish davrida ushbu soliq miqdori QQSni to’lashga o’tish davridan oldingi oxirgi 12 oy mobaynida sotib olingan tasdiqlangan Tovar-moddiy zahiralar balansiga nisbatan hisobga olinadi.
2019 yil 1-iyuldan:
Tadbirkorlik subyektlari va ularning mansabdor shaxslari 90 kun ichida 2019 yil 1 iyulgacha soliq stavkasi bo’yicha QQS yoki daromad solig’i bo’yicha soliq majburiyatlarini kamaytirish faktlarini ko’rsatgan holda va o’z vaqtida to’lanmagan soliqlar summasining 50%ini to’lagan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatdan ozod qilinadilar.
Shuningdek, 2019 yil 1 dekabrga qadar soliq hisobotlari tizimini integratsiyalash va hisobot tizimini avtomatlashtirish bilan soliq to’lovchilar va soliq organlari o’rtasida real vaqt rejimida buxgalteriya hisobi va ma’lumotlarni almashishga imkon beruvchi buxgalteriya hisobining yagona axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab yuklarni tashish bilan shug’ullanadigan tadbirkorlik subyektlari “Yuklarni tashish monitoringi” axborot platformasida yuklarni rasmiylashtirishni amalga oshirishlari shart bo’lgan tartib joriy etiladi.
2019−2021 yillarda O’zbekiston soliq tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish uchun “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi.
Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon banki soliq tizimini isloh qilish va soliq organlarining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ko’maklashmoqda.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 30 mayga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.