O‘zbekistonda zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident Farmoni qabul qilindi, xabar beradi Adliya vazirliginining “Huquqiy axborot” kanali.
Farmon bilan 2019 yil 1 iyuldan:
- zargarlik bo‘yicha litsenziyasi bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zi ishlab chiqargan zargarlik buyumlarining asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga asillik darajasi izlarini qo‘yish huquqi berildi;
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi litsenziyaga ega yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini mustaqil sotishi, aholidan qimmatbaho metallar parchalari, qimmatbaho toshlar va buyumlarni sotib olish huquqiga ega;
- davlat ulushi bo‘lmagan yoki davlat ulushi 50%dan kam bo‘lgan tadbirkorlar ishlab chiqarishda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni sarflash, hisobini yuritish va saqlash tartibini mustaqil belgilaydi;
- jismoniy shaxslar qiymati 5 ming $dan ko‘p bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishi mumkin;
- zargarlik sohasidagi tadbirkorlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga ixtiyoriy a’zo bo‘lsa, uyushma a’zolarining imtiyoz va preferensiyalari ularga ham tatbiq etiladi.
2019 yil 1 iyundan qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi.
Farmon bilan, tijorat banklari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga quyidagi huquqlar berildi:
- “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” AJdan qimmatbaho metallarni o‘lchov plastinalari ko‘rinishida, 5 gramm va undan ortiq bo‘lgan granulalarni London qimmatbaho metallar birjasining tongi fiksingi asosida sotib olish;
- sotib olingan metallarni boshqa zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga sotish.