Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan viloyatlar logotiplarini yaratish bo’yicha tanlov e’lon qilindi.
Qo‘mita raisi maslahatchisi Behruz Hamzayevning ta’kidlashicha, tanlov Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Andijon, Xorazm, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Jizzax viloyatlari logotiplarini yaratish ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan va har bir g‘olib 25 milliongacha pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilangan. Mukofotlash uchun ajratilgan umumiy mablag' miqdori esa 300 million so‘mni tashkil etadi.
Tanlovda 16 yoshga to‘lgan talabalar, ijodkorlar, olimlar, tarixchilar va turizmga qiziqish bildiradigan boshqa shaxslar, fuqaroligidan qat’iy nazar, ishtirok etishlari mumkin. Bir muallif tomonidan tanlovga taqdim etilgan loyihalar soni cheklanmagan.
Tanlovda taqdim etilgan ijodiy ishlar esda qolarli bo‘lishi, o‘ziga xosligi, originalligi va yorqinligi, shuningdek, oddiylik kabi mezonlar asosida saralanadi.
Logotiplar universallik, uyg‘unlik, mazmuniy zichlik, moslik va bog‘liqlik singari talablarga ham javob berishi zarur bo‘ladi.
Tanlov g’oliblari on-line so’rov asosida tanlab olinadi. Tanlov shartlari haqidagi batafsil ma’lumotlarni ilova orqali bilib olish mumkin.
Tanlovda qatnashish uchun tayyorlagan ijodiy ishlarni rasmiy elektron manzil — tanlov@uzbektourism.uzga, “logotip” belgisi bilan yuborish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.