O’zbekiston o’rigi Hindiston, gilosi esa Buyuk Britaniya bozorlari tokchalaridan joy oldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O’rik
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Hindistondagi O’zbekiston elchixonasi tomonidan Hindistonning meva va sabzavotlarini import qiluvchi “Casa Bianca” kompaniyasi vakillarini Namangan viloyatiga tashrifi uyushtirildi.
Tashrif yakunida Namangan meva-sabzavot mahsulotlarini, xususan, o’riklarni Hindistonga eksport qilish bo’yicha shartnoma tuzildi.
Mazkur shartnomani amalga oshirish doirasida o’zbek o’rigining birinchi partiyasi Hindiston bozoriga yetkazib berildi.
“Fruit of Mother Nature — Made in Uzbekistan” deb nomlangan maxsus paketlardagi o’zbek mevalari Hindistonning eng yirik savdo tarmog’i “Big Bazaar” orqali tarqatiladi.
Big Bazaar — Hindiston chakana sohasida muhim o’rin egallagan gipermarketlar va do’konlar tarmog’idir.
Gilos
25 may kuni O’zbekiston-Britaniya savdo-iqtisodiy aloqalari tarixida ilk marta Namangan viloyatidagi gilosning birinchi partiyasi London tokchalariga, xususan, G’arbiy xalqaro bozoriga (Western International Market) yetkazildi.
Western International Market turli mamlakatlarda yetishtiriladigan yangi meva va sabzavot mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan Londondagi eng yirik ulgurji bozorlardan biridir.
“O'zbekiston — so’lim mamlakat, biz bir necha oy oldin Buyuk Britaniya bozoriga o’zbek meva va sabzavotlarini eksport qilish ishlarini boshlash to’g’risida qaror qildik. Men O’zbekistonning ko’plab viloyatlari — Qashqadaryo viloyati Kitob tumani va Namangan viloyatida bo’ldim. Va ularning katta eksport salohiyatini ko’rganimdan keyin bu savolni o’rganishga qaror qildim”, — deydi o’zbek gilosining birinchi partiyasini import qilgan AKS Services Group kompaniyasining bosh direktori Vais Kais.
AKS Services Group’ning texnik direktori Karim Merchand qayd etishicha, o’tkazilgan barcha laboratoriya sinovlari mahsulotning yuqori sifatini va o’zbek gilosining ajoyib ta’mini tasdiqladi.
AKS Services Group vakillari yaqin kelajakda Buyuk Britaniyaga mavsumiy meva-sabzavotlar — Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan piyoz, bodring, anor, shuningdek, turli xil quritilgan mevalar import qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildilar.