Davlat soliq qo’mitasi tomonidan “Tadbirkorlik subyektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Loyihaga ko’ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarini tugatishning yangilangan tartibini joriy etish rejalashtirilayotir.
Prezident farmoni loyihasi bilan taklif etilayotgan qator chora-tadbirlar shunga qaratilgan: tugatilishi to‘g‘risida e’lonlar berishni bekor qilish, maxsus hududiy komissiyalarni tugatish, ixtiyoriy tugatilish muddatini qisqartirish va boshqalar, xabar beradi “Norma”.
Birinchidan, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish bo‘yicha tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi maxsus hududiy komissiyalarni tugatish. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran 1 yil ichida ustav fondi shakllantirilmaganligi uchun yuridik shaxsni tugatish tartibini esa bekor qilish.
Ikkinchidan, korxonani ixtiyoriy tugatishda quyidagilar taklif etilmoqda:
- bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda e’lonlar berish talabini bekor qilish. Tegishli ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning rasmiy saytiga joylashtiriladi;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmagan hamda soliq qarzi mavjud bo‘lmagan korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirishni bekor qilish;
- soliq tekshiruvi bilan qamrab olinadigan moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishning eng uzoq davriyligi 3 yilni tashkil etishini belgilash;
- korxonani ixtiyoriy tugatishning umumiy muddatini ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida xabardor qilingan kundan boshlab 9 oydan 6 oygacha qisqartirish.
Uchinchidan, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatishda:
- korxonani “faoliyat ko‘rsatmayotgan” deb hisoblash uchun asos bo‘ladigan muddatni 9 oygacha oshirish (Hozirgi vaqtda korxona 6 oy mobaynida faoliyatni amalga oshirmagan taqdirda tugatiladi);
- ularni soliq organining taqdimnomasiga asosan Tadbirkorlik sub’ektlarining yagona davlat reyestrida 3 yil muddatga harakatsiz rejimga o‘tkazish. Shu muddat mobaynida korxona o‘zining faoliyatini tiklanmagan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ uni reyestrdan chiqaradi.
To‘rtinchidan, tugatish jarayonidagi ortiqcha hujjatlar va tartib-taomillarni qisqartirish uchun davlat organlari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini joriy etish. Bundan tashqari, Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali:
- yuridik shaxsni ixtiyoriy tugatish tartib-taomilini o‘tkazishda — vakolatli davlat organlaridan korxona to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni so‘rab olish;
- tadbirkorlik subyekti — jismoniy shaxs faoliyatini to‘xtatishda — soliq organining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi yo‘qligi to‘g‘risidagi xulosasini olish mumkin.
Beshinchidan, ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlarining hujjatlarini qabul qilishda arxiv xizmatlarining narxlarini ikki barobar kamaytirish.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 13 iyunga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o’z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.